Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Moskva va Boku o‘rtasidagi ziddiyat fonida Aliyevni qo‘llab-quvvatladi
Ukraina prezidenti avvalroq Yekaterinburgda qo‘lga olingan Ozarboyjon fuqarolari aka-uka Safarovlarning vafoti munosabati bilan Ilhom Aliyevga hamdardlik bildirib, ularning o‘limini «qotillik» deb atadi.
1 iyul, seshanba kuni Ukraina va Ozarboyjon prezidentlari Volodimir Zelenskiy va Ilhom Aliyev telefon orqali muloqotda Moskva va Boku munosabatlarining keskinlashuvini muhokama qildi. «Rossiya Ozarboyjon fuqarolarini taxqirlayotgan va Ozarboyjon Respublikasiga tahdid solayotgan vaziyatda men Ukrainadan aniq qo‘llab-quvvatlashimni bildirdim», — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.
Ukraina prezidenti aka-uka Guseyn va Ziyaddin Safarovning Yekaterinburgda qo‘lga olinganidan keyin vafot etganini «qotillik» deb atadi va Ozarboyjon prezidentiga Ukraina jamoatchiligi nomidan hamdardlik bildirdi. «Ishonchim komilki, barcha faktlarga oydinlik kiritiladi. Adolat kerak», — dedi siyosatchi. Aliyev Zelenskiyga hamdardlik so‘zlari uchun minnatdorchilik bildirdi, deb xabar qildi Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati.
Bundan tashqari, Volodimir Zelenskiy Ilhom Aliyevga Ukraina, uning hududiy yaxlitligi va xalqini qo‘llab-quvvatlagani, jumladan Ozarboyjonning Ukraina fuqarolarini Erondan evakuatsiya qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. Prezidentlar, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar, energetika, mamlakatlar o‘rtasidagi gumanitar sohadagi hamkorlikni muhokama qildi va Bokuda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldi.
Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlarda taranglik 27 iyun kuni Yekaterinburgda ozarboyjon diasporasi vakillarining ommaviy qo‘lga olinganidan so‘ng keskinlashdi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, qo‘lga olishlar 2000-yillar boshida sodir etilgan qotilliklar yuzasidan amalga oshirilgan. Reyd ortidan Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi qo‘lga olinganlar orasida halok bo‘lganlar va yaradorlar borligini ma’lum qilib, «bu qabul qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik uchun javobgarlar»ning javobgarlikka tortilishini talab qildi.
Mavzuga oid
22:08 / 18.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
20:25 / 17.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga jo‘nab ketdi
12:06 / 17.05.2026
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ozarboyjonga boradi
11:53 / 14.05.2026