Jahon | 13:28 / 04.07.2025
3890
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada siyosiy mahbuslar o‘z xatida o‘layotganlarni ozod etishga chaqirdi

Reuters agentligi Rossiya Federatsiyasida qamoqqa olingan 11 nafar dissidentning xalqaro yetakchilarga yo‘llagan qo‘shma xati matnini e’lon qildi. Xatda «Rossiya qamoqxonalarida o‘layotganlar» haqida eslatilgan.

Foto: KIRILL KUDRYAVsEV/AFP/Getty Images

Reuters qamoqdagi 11 nafar rossiyalik dissidentning xalqaro yetakchilarga yo‘llagan qo‘shma xati matnini e’lon qildi. 3 iyul, payshanba kuni hujjatdan kelib chiqqan holda aytilishicha, unda «Rossiya qamoqxonalarida o‘layotgan kasal siyosiy mahbuslarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilish» chaqirig‘i bor.

«Biz kamida 10 ming kishimiz — rossiyalik siyosiy mahbuslar va ukrainalik garovga olinganlar. Hammamiz bir narsa uchun — fuqarolik pozitsiyamiz uchun jazolanyapmiz», — deyiladi xatda.

«Zamonaviy Rossiyada inson huquqlari institutlari o‘rnini faqat inson huquqlari faoliyatiga taqlid qiluvchi idoralar egalladi», — deya ta’kidlanadi unda. Natijada mahkumlarning sog‘lig‘i va hayoti xavf ostida bo‘lib, ularga nisbatan qiynoq va tazyiqlar ko‘pincha jazosiz qolmoqda.

Siyosiy mahbuslar boshqalarga qaraganda ko‘proq og‘irroq sharoitlarda saqlanmoqda, shartli ozodlikdan va qamoq rejimini qonuniy yumshatish imkoniyatidan mahrum bo‘lyapti. Xat matnida qayd etilishicha, boshqa mahkumlarning ma’lumot yetkazishi asosida qo‘shimcha jinoiy ish qo‘zg‘atish amaliyoti keng tarqalgan.

Mualliflar Rossiya va Ukrainani zudlik bilan harbiy asirlar va tinch aholi vakillarini «hamma uchun hamma» formulasi bo‘yicha almashishga chaqirmoqda. Mualliflar turli mamlakatlar siyosatchilari Rossiya Federatsiyasida siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchraganlarni ozod qilish uchun sharoit yaratishiga umid qilmoqda.

Matnda ommaviy axborot vositalaridan jim turmaslik va «erkinlik va demokratiya uchun kurashda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishda davom etayotgan» Rossiya fuqarolari faoliyatini yoritish haqida iltimosnoma bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid