Jahon | 12:45 / 05.07.2025
2064
2 daqiqa o‘qiladi

NBC: AQShdagi tekshiruvda qurol-yarog‘ taqchilligi aniqlanmadi

Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishning to‘xtatilishi Pentagon rahbari Hegsetning bir tomonlama harakati bo‘ldi, deb yozadi NBC. Bu AQSh mudofaa vazirining o‘z tashabbusi bilan ish qilgan uchinchi holatdir. 

Foto: REUTERS

AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish to‘xtatib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan AQSh harbiy zaxiralari tekshiruvida jiddiy tanqislik aniqlanmadi. Bu haqda 4 iyul, juma kuni Amerikaning NBC News telekanali manbalarga tayanib xabar berdi.

Kiyevga harbiy yordam yetkazilishining to‘xtatilishi AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset va uning o‘rinbosari Elbrij Kolbining bir tomonlama harakati bo‘lib, ular uzoq vaqtdan beri AQShning Rossiya-Ukraina urushidagi ishtirokini kamaytirish va resurslarni Tinch okeani mintaqasida Xitoyni tiyib turishga yo‘naltirish tarafdori bo‘lgan, deydi NBC'ga masala bilan tanish manbalar. «Hegset uchinchi marta Ukrainaga yordam yetkazib berishni to‘xtatish tashabbusi bilan chiqdi. Avvalgi ikki holatda, fevral va may oylarida uning harakatlari bir necha kun ichida bekor qilindi», — deya xabar beradi telekanal.

NBC News manbalariga ko‘ra, ba’zi aniq boshqariladigan o‘q-dorilar darajasi pasaygan, ammo minimal chegaraga yetib bormagan. Shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, Ukrainaga yordamning davom etishi hech qanday holatda Qo‘shma Shtatlarning jangovar tayyorgarligiga putur yetkazmaydi.

Vashington nafaqat Ukrainaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishni to‘xtatdi, bu qaror Pentagon AQShdan qurol olayotgan barcha davlatlar ustidan o‘tkazayotgan keng ko‘lamli tekshiruvning bir qismidir, deb xabar berdi Amerikaning CBS News portali 2 iyul kuni Oq uydagi manbaga tayanib.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid