Jahon | 13:54 / 05.07.2025
2925
2 daqiqa o‘qiladi

YeK rahbari: Moldovaning YeIga qo‘shilishi barchani xavfsizroq qiladi

Yevropa Ittifoqi Moldovaning Yevropa kelajagini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Kishinyovdagi sammitda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu barchani «xavfsizroq, mustahkamroq va birdamroq» qiladi.

Foto: REUTERS

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Moldova-Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi birinchi ikki tomonlama sammitda Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi afzalliklarini ta’kidladi. «Agar Moldova Yevropa Ittifoqiga qo‘shilsa, biz hammamiz xavfsizroq, mustahkamroq va birdam bo‘lamiz», dedi fon der Lyayyen 4 iyul, juma kuni Kishinyovda sammit ochilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Yevropa kelajagi va mustaqillikka intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun «Moldova tomonida».

Bu Moldova uchun bunday formatdagi birinchi tadbirdir. Sammitda Ursula fon der Lyayyendan tashqari YeIdan Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta ham ishtirok etdi. Ularni mamlakat prezidenti Mayya Sandu tantanali marosim bilan kutib oldi. Ishtirokchilar orasida Moldova parlamenti spikeri Igor Grosu va bosh vazir Dorin Rechan ham bor edi.

Kishinyov sammiti yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma deklaratsiyada «Kopenhagen mezonlariga muvofiq, ishonchli islohotlar va qadr-qimmat tamoyili asosida Moldovaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini tez sur’atda ilgari surish» majburiyati tasdiqlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid