Jahon | 19:25 / 06.07.2025
4481
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniyada vertolyot Boltiq dengiziga qulab tushdi

Vertolyot bortida yetti kishi bo‘lgan va ularning hech biriga shikast yetmagan.

Foto: Irina Mägi

Boltiq dengizining Vilsandi va Saaremaa orollari orasidagi hududga Estoniyada ro‘yxatdan o‘tgan vertolyot qulab tushdi.

Politsiya va chegarani qo‘riqlash departamenti taqdim etgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vertolyot suvga qulab, avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgan. Vertolyot ag‘darilgan, ammo avtomatik suvga qo‘nish tizimi ishga tushgani bois cho‘kib ketmagan.

Havo kemasi bortida yetti kishi — besh nafar katta yoshli inson va ikki nafar voyaga yetmagan bola bo‘lgan. Ularning barchasi kabinadan chiqib, vertolyot korpusida yordam yetib kelishini kutgan. Ko‘ngilli dengiz qutqaruvchilar voqea joyiga 20 daqiqada yetib kelgan va jabrlanganlar Vikati portiga yetkazilgan. Tekshiruvlar davomida ularning hech biri tibbiy yordamga muhtoj emasligi aniqlangan.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, vertolyot Vilsandidan Tallinga uchayotgan bo‘lgan. Havoda aynan nima sodir bo‘lganini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Tergov Aviatsiya hodisalarini tergov qilish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Vertolyot tadbirkor Vyayno Koldoyaga tegishli ekani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, vertolyot allaqachon Yaagaraxu portiga olib kelingan. Yoqilg‘i to‘kilishi va atrof-muhitning ifloslanishiga bog‘liq holat qayd etilmagan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid