Jahon | 12:30 / 12.07.2025
2789
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Germaniya hisobidan uzoq masofali raketalar ishlab chiqariladi

Ukraina mudofaa sanoati va Ukraina Mudofaa vazirligi vakillari Kiyevda Germaniya hisobidan uzoq masofaga uchuvchi raketalar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvni imzoladi, dedi Bundesver general-mayori Kristian Froyding.

Kristian Froyding Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Kiyevda Germaniya hisobidan Ukrainada bir necha yuzlab uzoq masofali raketa ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda 11 iyul, juma kuni ZDF nashriga bergan intervyusida Bundesver general-mayori Kristian Froyding ma’lum qildi. U Ukraina qurolli kuchlariga harbiy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi Germaniya Mudofaa vazirligi huzuridagi Ukraina bo‘yicha vaziyat markazini boshqaradi.

Froyding ZDF telekanalida Kiyevdan video-aloqa orqali chiqish qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 iyul kuni u yerda Ukraina mudofaa sanoati vakillari va Ukraina Mudofaa vazirligi o‘rtasida kelishuv imzolangan. Germaniya shartnoma doirasida ishlab chiqarishni moliyalashtiradi.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, uzoq masofaga uchuvchi birinchi raketalar iyul oyi oxirigacha Ukraina Qurolli kuchlariga yetkazilishi kerak. «Keyin katta uch xonali raqam haqida so‘z yuritilishi mumkin», dedi Froyding raketalar soni haqida. Uning ta’kidlashicha, bu «yaqin haftalar va oylarda Ukrainaning imkoniyatlarini sezilarli darajada kuchaytiradi».

«Bizga Rossiya hududiga chuqur kirib boradigan va omborlar, qo‘mondonlik punktlari, aerodromlar va samolyotlarga hujum qila oladigan qurol tizimlari kerak», — deya qo‘shimcha qildi harbiy.

Shu bilan birga, Ukraina Mudofaa vazirligi ham, Ukrainaning boshqa rasmiylari ham 11 iyul kuni hujjat imzolangani haqida xabar bermadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid