Jahon | 08:42 / 15.07.2025
3593
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yana bir harbiy-dengiz paradi bekor qilindi

Vladivostokda Harbiy-dengiz floti kuni kemalar paradisiz o‘tkaziladi. Sankt-Peterburgdagi parad bekor qilingani haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmadi.

Foto: Tinch okean floti ansambli

Bu yil Vladivostokda Harbiy-dengiz floti kuni kemalar paradisiz o‘tkaziladi. Tinch okean floti ansambli matbuot xizmatining xabar berishicha, bayram «baribir yorqin bo‘ladi». Dasturda gulchambarlar qo‘yish va Tinch okean floti ijodiy guruhlari ishtirokida konsert namoyish etiladi.

Rossiyada Harbiy-dengiz floti kuni iyul oyining so‘nggi yakshanbasida nishonlanadi va 2025 yilda u 27 iyulga to‘g‘ri keladi. Harbiy kemalar paradlari 1939 yildan beri har yili o‘tkaziladi, Ikkinchi jahon urushi (1941-1945) bundan mustasno. 2024 yilda Sankt-Peterburgda paradning Kronshtadtda bo‘lib o‘tadigan qismi havo hujumi xavfi tufayli bekor qilingan edi. Shimoliy flot kemalari Sankt-Peterburgga yetib borgan, biroq paraddan bir necha kun oldin ular bazaga qaytgan.

Sankt-Peterburgda Harbiy-dengiz floti kunida rejalashtirilgan asosiy dengiz paradini o‘tkazish bilan bog‘liq vaziyat noaniqligicha qolmoqda. Rossiyaning qator ommaviy axborot vositalaridagi uning bekor qilingani haqidagi xabarlar hali rasman tasdiqlanmagan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda tegishli savolga shunday javob berdi: «Biz sizga bayram doirasida qanday tadbirlar bo‘lib o‘tishi haqida o‘z vaqtida xabar beramiz».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid