O‘zbekiston | 13:10 / 16.07.2025
1358
4 daqiqa o‘qiladi

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat litsenziyalanadi

"Atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada bo‘ladigan sohalardagi litsenziyalash tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: APF

Atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagi faoliyat turlari litsenziyalanadi:

a) ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning:
yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini barpo etish, ulardan foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish;
radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish;

b) boshqa yuridik shaxslarning:
yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini loyihalashtirish hamda qurish;
radiatsiyaviy manbalarni loyihalashtirish, barpo etish, ulardan foydalanish  va ularni foydalanishdan chiqarish;
yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari, radiatsiviy manbalar uchun uskunalarni konstruksiyalash hamda tayyorlash;
radiatsiyaviy manbalar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar saqlash punktlaridan foydalanishda, radioaktiv moddalar xamda radioaktiv chiqindilar bilan muomala bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda texnologik asbob-uskunalarni, radiatsiyadan muhofaza qilish vositalarini yaratish va tayyorlash sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari;
atom energiyasidan foydalanish obektlari va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat (ish) xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza o‘tkazish;
radioaktiv moddalar va yadroviy materiallar bilan bog‘lik ishlarni amalga oshirish, shu jumladan, radioaktiv moddalar va yadroviy materiallar xamda uran rudali foydali qazilmalar obektlari bo‘yicha geologik o‘rganish, geologiya-qidiruv va (yoki) izlanish ishlarini o‘tkazish va qazib chiqarish, ishlab chiqarish, ulardan foydalanish, qayta ishlash, ularni transportda tashish (tashish) va saqlash;
radioaktiv chiqindilar bilan bog‘lik ishlarni amalga oshirish, shu jumladan ularni qayta ishlash, transportda tashish (tashish), saqlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va ko‘mib tashlash;
atom energiyasidan foydalanish obektlarida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
yadroviy qurilmalar va (yoki) saqlash punktlari uchun yadroviy materiallar, uskunalar hamda texnologiyalarni, shuningdek, radioaktiv moddalar va yadroviy materiallarni olib kirish va olib chiqish;
atom energiyasidan foydalanish sohasida xizmatlar ko‘rsatish;
atom energiyasidan foydalanish obektlarini ishlatish uchun zarur bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

Atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi (litsenziyalovchi organ) tomonidan litsenziyalanadi.

Lisenziya litsenziya talabgori tomonidan faoliyatning xavfsizligi va litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish rejalashtirilgan yoki unga tegishli bo‘lgan obektning xavfsizligi asoslantirilgan va tasdiqlangan muddatdan kelib chiqqan holda belgilangan muddatga beriladi.

Lisenziya faqat yuridik shaxslarga belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun 10 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi.

Amalga oshirilishi uchun litsenziya olingan faoliyat turi faqat litsenziyani olgan yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Lisenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid