Jahon | 22:44 / 23.07.2025
7444
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil parlamenti O‘rdun daryosi g‘arbiy sohilini anneksiya qilishni ma’qulladi

O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili Falastin muxtoriyatining ikki qismidan biridir.

Foto: Flash90

Knesset Isroil suverenitetining Yahudiya, Samariya va O‘rdun daryosi vodiysiga tarqalishi to‘g‘risidagi deklaratsiyani ma’qulladi. Uni 71 deputat yoqlab, 13 nafari qarshi ovoz berdi, deb yozdi The Jerusalem Post.

Hujjat matniga ko‘ra, O‘rdunning g‘arbiy sohilidagi bu hududlar «yahudiy xalqining tarixiy vatanining ajralmas qismi» hisoblanadi. Ushbu yerlarda Isroil suverenitetining o‘rnatilishi mamlakatga «o‘z vatanida yahudiylarning o‘rnashishini mustahkamlash va o‘z fuqarolarini himoya qilish»ga yordam beradi, deb yozdi gazeta.

Nashrning ta’kidlashicha, ovoz berish jarayoni qonunda hech qanday o‘zgarishlarga olib kelmagan va faqat deklarativ xarakterga ega bo‘lgan.

Isroil qonunchiligiga ko‘ra, Sharqiy Quddusdan tashqari O‘rdunning g‘arbiy sohili hududi «vaqtinchalik harbiy okkupatsiya» ostida. Isroil hech qachon O‘rdunning g‘arbiy sohilini tom ma’noda anneksiya etilganini e’lon qilmagan. Biroq, mamlakat 1967 yilda «Olti kunlik» urushda g‘alaba qozonganidan beri mintaqani o‘z aholisi bilan to‘ldirishda davom etmoqda.

O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan tan olingan Falastin davlatining ikki qismidan biridir. 1995 yildan beri hudud qisman Falastin milliy ma’muriyati tomonidan nazorat qilinadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid