Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Venesuela prezidenti Maduroni narkokartel rahbari deb atadi
Nikolas Maduro giyohvand moddalar yordamida «amerikaliklar hayotini barbod qilishda» ayblandi.
AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni «Tren de Aragua» to‘dasi va Meksikaning «Sinaloa» narkokartelini qo‘llab-quvvatlovchi «Quyoshlar karteli» (Cartel de Los Soles) guruhini boshqarishda aybladi, deb yozdi Reuters. Vashington har ikki tashkilotni xorijiy terrorchi guruh deb tan olgan.
Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, «Quyoshlar karteli» yetakchilari Maduro boshchiligidagi Venesuelaning yuqori martabali amaldorlaridan iborat.
AQSh G‘arbiy yarimshar ishlari bo‘yicha byuro Maduroning «Amerika hayotini barbod qilish va yarimsharni beqarorlashtirishdan foyda olishda davom etishiga» to‘sqinlik qilish uchun «barcha mavjud resurslardan» foydalanishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Amerika rasmiylari Venesuela rahbarini diktator deb atagan va AQSh hududida giyohvand moddalar savdosiga rahbarlik qilishda ayblagan.
2020 yilda AQSh Maduro va uning ittifoqchilariga qarshi giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha ayblovlarni ilgari surgan edi.
Maduro bir necha bor Amerikaning da’volarini tuhmat deb atab, ayblovlarni rad etgan va Vashington giyohvand moddalarni iste’mol qilishni kamaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini aytgan.
Qo‘shma Shtatlar Maduroning 2024 yilgi prezident saylovidagi g‘alabasini noqonuniy deb hisoblaydi va uni hibsga olish uchun order bergan. Venesuela yetakchisi 2013 yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelmoqda va mamlakat saylov organlari va oliy sudi tomonidan iyul oyidagi saylovda g‘olib deb e’lon qilingan. Biroq ovoz berish jarayonining batafsil bayonnomalari hech qachon e’lon qilinmagan.