O‘zbekiston | 14:59 / 30.07.2025
2280
3 daqiqa o‘qiladi

Ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy loyihalar moliyalashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari",  va "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 15 avgustgacha "Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi" axborot tizimi orqali "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vaucher asosida yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Bunda mazkur tizimni joriy etish tajriba tariqasida Toshkent shahri va Andijon viloyatining tuman (shahar)larida amalga oshiriladi.

Shuningdek, hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining "Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, "Ayollar daftari" jamg‘armasidan har bir uyni ta’mirlash uchun BHMning 50 baravarigacha (amaldagi 30 BHM o‘rniga) mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, "Ayollar daftari" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalarga mansub xotin-qizlarga uy-joy ijarasi to‘lovining 50 foizi, biroq  BHMning 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida esa BHMning 3 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.

Prezidentning "Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq:

"Ijtimoiy daftarlar" jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi;
uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordam esa oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan eng kam iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oylik daromadga ega oilalarga ham taqdim etiladi.

Shuningdek, hujjat bilan ayollarning bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun grantlar pasporti tasdiqlandi. BHMning 60 baravarigacha miqdordagi ijtimoiy yordam "Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar" tanlovida g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyihalar kamida 3 nafar ayol, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlari vakillarining bandligini ta’minlashi lozim. Ushbu yordam quyidagilarga taqdim etiladi:

jismoniy shaxslarga - ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan jihozlar, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni sotib olish, shuningdek, xizmatlar ko‘rsatish uchun;
nodavlat tashkilotlariga - ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) sohasini kengaytirish, xomashyo va materiallar sotib olish, shuningdek, loyiha doirasida jalb qilinadigan shaxslarning malakasini oshirish uchun.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid