Jahon | 12:39 / 30.07.2025
2201
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya va Britaniya ortidan Malta ham Falastinni tan oladi

O‘rta Yer dengizidagi orol davlat – Malta tarixan falastinliklarni qo‘llab kelgan va ikki davlatli yechim tarafdori bo‘lgan.

Foto: Reuters

Malta sentabr oyida BMT Bosh assambleyasi doirasida Falastin davlatini tan oladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Robert Abela 29 iyul kuni ma’lum qildi.

Abela bu qarorni Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmerning shunga o‘xshash bayonotidan bir necha soatdan so‘ng, Fransiya tan olish rejasini e’lon qilganidan esa bir necha kun o‘tib bildirdi.

«Bizning pozitsiyamiz Yaqin Sharqda barqaror tinchlik uchun sa’y-harakatlarga sodiqligimizni aks ettiradi» dedi Abela Facebookʼdagi postida.

Reuters nashrining yozishicha, Malta hukumati shu vaqtga qadar ichki bosim ostida Falastinni tan olishga chaqirilib kelayotgan edi. Iyul o‘rtalarida markaz-o‘ng muxolifat ham Falastinni darhol tan olishga chaqirgan edi.

O‘rta Yer dengizi orol davlati bo‘lgan Malta tarixan falastinliklar masalasini qo‘llab kelgan va ikki davlatli yechim tarafdori.

Abela ilk bor Falastinni tan olish rejasini may oyida e’lon qilgan, bu sentabr oyida BMT konferensiyasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Ammo konferensiya keyinroqqa qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil may oyida Irlandiya, Norvegiya va Ispaniya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan edi

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid