Jahon | 09:17 / 31.07.2025
4660
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada jurnalist ayol 12 yilga qamaldi

Ufalik jurnalist Navalniyning Rossiyada «ekstremistik hamjamiyat» deb tan olingan shtablari faoliyatida ishtirok etish, shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari haqida «qasddan yolg‘on ma’lumot» tarqatishda aybdor deb topildi.

Foto: Videodan kadr

Ufaning Kirov tuman sudi 46 yoshli jurnalist va faol Olga Komlevani Rossiyada «ekstremistik hamjamiyat» deb tan olingan Aleksey Navalniy shtablari faoliyatida ishtirok etganlik va «Rossiya armiyasi haqida ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatganlik»da ayblanib, 12 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Bu haqda Boshqirdiston sudlari birlashgan matbuot xizmatining Telegram-kanalida xabar berildi.

Sud qarorida qayd etilishicha, Komleva bu xatti-harakatlarni «siyosiy va mafkuraviy nafrat, shuningdek, ijtimoiy guruhga nisbatan dushmanlik asosida uyushgan guruh tarkibida» sodir etgan. Jurnalistning o‘zi aybini tan olmadi.

Bundan tashqari, sud Komlevaning erkinligini bir yilga cheklab qo‘ydi va uni besh yilga veb-saytlarni boshqarish, shuningdek, ommaviy tadbirlarni tashkil etish va ishtirok etish huquqidan mahrum qildi.

Olga Komleva — kasbi bo‘yicha kadastr muhandisi, u bir necha bor mitinglarda qatnashgan va fuqarolik faolligi bo‘yicha Rusnews media loyihasi bilan hamkorlik qilgan. U bir necha bor namoyishlarda qo‘lga olingan va jarimaga tortilgan. Komleva bir necha yil Navalniyning Ufadagi shtabida ko‘ngilli ham bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid