Jahon | 19:08 / 03.08.2025
3009
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishda davom etadi – To‘qayev

Qosim-Jo‘mart To‘qayev va BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun barqaror rivojlanish mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.  

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston Afg‘onistonga ta’lim, savdo va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida yordam ko‘rsatishda davom etadi, dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

"Qozog‘iston gumanitar yordam ko‘rsatish, ta’lim loyihalarini amalga oshirish, savdo va oziq-ovqat xavfsizligi sohalaridagi tashabbuslarni rivojlantirish orqali afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi”, dedi u BMTning Olmaotadagi mintaqaviy markazida qilgan chiqishida.

Yakshanba kuni To‘qayev va Qozog‘istonga tashrif buyurgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh mamlakat hukumati va BMT o‘rtasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun barqaror rivojlanish mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.  

Shu yil mart oyida BMT Bosh assambleyasi Olmaotada yangi mintaqaviy markaz tashkil etish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qullagandi. Markaz kambag‘allikka qarshi kurash, iqtisodiyotni rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlaridagi loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid