Jahon | 08:39 / 05.08.2025
1539
2 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshda sobiq bosh vazirga qarshi ish sirtdan ko‘rib chiqiladi

Shayx Hasina insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda: 2024 yil avgustida uning mamlakatdagi norozilik namoyishlarini bostirishga urinishi natijasida kamida 1400 kishi halok bo‘lgan. Hindiston Hasinani ekstraditsiya qilish haqidagi iltimoslarni e’tiborsiz qoldirdi.

Foto: DW

Bangladesh bo‘yicha Xalqaro jinoiy tribunalning uch sudyasi insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanayotgan mamlakat hukumatining sobiq rahbari Shayx Hasinaga qarshi jinoiy ishni ko‘rib chiqa boshladi, deb yozadi Britaniyaning The Guardian gazetasi. «Uning ommaviy norozilik namoyishlarini bostirishga urinishi qurollangan politsiyani qo‘llashni o‘z ichiga olgan, ular o‘ldirishga buyruq olib, ko‘chalarda tinch aholiga qarata o‘q otgan», deb eslatilgan maqolada. 2024 yil avgust oyida ushbu harakatlar natijasida Bangladeshda kamida 1400 kishi halok bo‘ldi.

2024 yil 5 avgust kuni harbiy vertolyotda Hindistonga uchib ketgan 77 yoshli Hasina sudda ishtirok etmaydi. U o‘zining aybsizligini e’lon qildi va sudda ishtirok etishdan bosh tortdi. Uni ekstraditsiya qilish haqidagi ko‘plab so‘rovlar e’tibordan chetda qolgan. Hasina hokimiyat tepasida 15 yildan ko‘proq vaqt bo‘lgan.

Shayx Hasina qochib ketganidan bir kun o‘tib Bangladesh prezidenti Shahabuddin Chuppu Dakkadagi parlamentni tarqatib yubordi. Oradan uch kun o‘tib, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Muhammad Yunus muvaqqat hukumat rahbari etib tayinlandi, u shu kungacha bu lavozimda.

Bangladeshdagi norozilik namoyishlari talabalarning mamlakat mustaqilligi uchun urush qatnashchilarining qarindoshlari uchun mehnat kvotalari bekor qilinishi talabi bilan boshlandi, keyin esa kengaydi: namoyishchilar Hasinaning iste’fosini talab qildi. Bu 2024 yil iyul oyining oxirida sudning kvotani qisqartirish to‘g‘risidagi qarori bilan yakunlangan avvalgi namoyishlar to‘lqini chog‘ida hukumatning namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonligiga javoban sodir bo‘ldi. O‘shanda 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid