Jahon | 11:25 / 07.08.2025
2913
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Kiyevga qurollar yetkazishni muvofiqlashtirishni boshladi

NATO PURL ta’minot mexanizmi doirasida Ukrainaga katta miqdordagi qurol-yarog‘larni muntazam yetkazib berishni muvofiqlashtira boshladi. Daniya, Norvegiya, Shvetsiya va Niderlandiya xaridlar uchun mablag‘ ajratilishini e’lon qildi.

Foto: Globallookpress

NATO Kiyevni mamlakat armiyasi uchun eng zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ bilan ta’minlash mexanizmi – Priority Ukraine Requiremens List (PURL, "Ukraina uchun ustuvor talablar ro‘yxati") doirasida Ukrainaga katta miqdordagi qurollarni muntazam yetkazib berishni muvofiqlashtira boshladi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu qaror Daniya, Norvegiya va Shvetsiya 5 avgust kuni Ukraina uchun 500 million dollarlik qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar paketini moliyalashtirishini tasdiqlaganidan keyin qabul qilindi. Ular AQSh tomonidan yetkazib beriladi.

Avvalroq, 4 avgust kuni Niderlandiya ham Vashingtondan qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan artilleriya va o‘q-dorilarning dastlabki paketini xarid qilish uchun mablag‘ ajratishini ma’lum qilgan edi. Bu paketning umumiy qiymatini taxminan 1 milliard dollargacha oshiradi.

«Rossiya keng ko‘lamli hujumining dastlabki kunlaridan boshlab Daniya, Norvegiya va Shvetsiya Ukrainani qo‘llab-quvvatladi. Moliyalashtirishning bu yangi bosqichi frontga hayotni saqlaydigan qurollar va muhim yuklarni yetkazadi, Ukrainaning mavqeyini mustahkamlaydi va uning barqaror tinchlikka erishishi yo‘lida tajovuzning oldini olishga yordam beradi», dedi NATO bosh kotibi Mark Ryutte.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid