Jahon | 14:38 / 08.08.2025
4162
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy «tinchlikni ilgari surish» bo‘yicha muzokaralar haqida ma’lum qildi

Ukraina prezidenti «tinchlik yo‘lida haqiqiy taraqqiyotga erishish uchun» g‘arblik hamkasblari bilan bir qator suhbatlar o‘tkazishini ma’lum qildi. Ayni paytda Kreml Putin va Tramp «yaqin kunlarda» uchrashishi haqida xabar berdi.

Foto: REUTERS

7 avgust, payshanba kuni ertalab Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «tinchlik yo‘lida haqiqiy olg‘a siljish va har qanday sharoitda ham Ukraina mustaqilligini ta’minlash maqsadida» boshqa mamlakatlar davlat va hukumatlari rahbarlari bilan bir qator telefon suhbatlari o‘tkazganini e’lon qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan suhbat rejalashtirilgan. «Biz Fransiya va Italiyadagi hamkasblarimiz bilan aloqada bo‘lib turamiz. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar darajasida ham muloqot bo‘ladi — men bu maxsus formatni o‘tkazishni topshirdim», deb yozdi Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida.

Avvalroq AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv ikki yarim soatdan sal ko‘proq davom etdi va Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha «keyingi hamkorlikdagi ishlar»ga bag‘ishlandi, dedi Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.

7 avgust kuni Ushakov Vladimir Putin va Donald Tramp «yaqin kunlarda» uchrashishini aytdi. Shu bilan birga, Moskva Uitkoffning Putin, Tramp va Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish haqidagi taklifini izohsiz qoldirdi, deya xabar beradi TASS davlat agentligi.

Mavzuga oid