O‘zbekiston | 15:31 / 13.08.2025
5596
2 daqiqa o‘qiladi

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jahonda savdo qoidalarining tez o‘zgarishi yoki logistikadagi uzilishlar to‘xtamayotgani sharoitida to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida yondashuvlar zarurligi qayd etildi. 

Shu munosabat bilan prezident Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinishini e’lon qildi. Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladi.

Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ shu jamg‘arma orqali beriladi. Jamg‘armaga 200 million dollar ajratiladi.

Yangi agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, «bojxona hududida qayta ishlash» rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda to‘qimachilikni 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarni kiritish vazifasi qo‘yildi.

«Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda budjetga 1 so‘m qo‘shimcha tushum qilish qancha qiyin bo‘layotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, 7 trillion so‘m bo‘ladi. Endi shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak», - dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Mavzuga oid