Jahon | 09:04 / 14.08.2025
6105
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodagi falastinliklarni Janubiy Sudanga ko‘chirmoqchi – OAV

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo aholisining katta qismini ko‘chirish g‘oyasini amalga oshirish istagi borligini aytdi.

Foto: AFP/Getty Images

Isroil G‘azodagi falastinliklarni Janubiy Sudanga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu Isroilning HAMASga qarshi 22 oylik urushi oqibatida vayronaga aylangan hududdan ommaviy emigratsiyaga ko‘maklashish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining bir qismidir, deb xabar berdi CNN.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo aholisining katta qismini ko‘chirish g‘oyasini amalga oshirish istagi borligini aytdi va buni «ixtiyoriy migratsiya» deb atadi. Isroil g‘azoliklarni Afrikaning boshqa davlatlariga ham ko‘chirish bo‘yicha xuddi shunday takliflarni ilgari surdi.

«Menimcha, to‘g‘ri qaror, hatto urush qonunlariga ko‘ra ham, men bilganimdek, aholining ketishiga ruxsat etish va keyin u yerda qolgan dushmanga bor kuch bilan hujum qilish imkonini beradi», dedi Netanyahu Isroilning i24 telekanaliga bergan intervyusida.

Falastinliklar, inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro hamjamiyatning aksariyat qismi bu takliflarni xalqaro huquqni buzgan holda zo‘ravonlik bilan chiqarib yuborish rejasi sifatida rad etmoqda.

Janubiy Sudan Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Isroil bilan falastinliklarni ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.

AQSh Davlat departamenti vakili shaxsiy diplomatik suhbatlarga izoh bermasligini aytdi.

Mavzuga oid