Jahon | 12:25 / 14.08.2025
4000
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Rossiyaga 6 ming askar yuborishni rejalashtirmoqda

Shuningdek, Rossiyaga texnika, jumladan, jangovar tanklar va zirhli jangovar mashinalar yuborilishi aytilmoqda.

Foto: Zhao Zhan / Xinhua / Global Look Press

Yaqin vaqt ichida KXDR Rossiyaga qo‘shimcha qo‘shin yuborishni rejalashtirmoqda: 6 mingga yaqin harbiy xizmatchi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Kirill Budanov The Japan Times nashri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, KXDR shuningdek, Rossiyaga go‘yo muhandislik ishlarini olib borish uchun 50 dan 100 tagacha texnika, jumladan, M2010 (Cheonma-D) asosiy jangovar tanklari va BTR-80 zirhli transportyorlarini yuborishni rejalashtirmoqda.

«Ularning ba’zilari haqiqatan ham minalardan tozalash va istehkomlar qurishga jalb qilinishi mumkin, ammo barchasi bu bilan shug‘ullanadimi?», dedi Budanov.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh boshqarmasi boshlig‘i Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ko‘lami va oqibatlarini ta’kidlab, hozir dunyoda keng front chizig‘ida zamonaviy urush olib borish tajribasiga ega bo‘lgan faqat uchta davlat borligini ta’kidladi.

«Hozir dunyoda deyarli barcha mavjud vositalardan foydalangan holda juda keng front chizig‘ida zamonaviy urush olib borish tajribasiga ega bo‘lgan faqat uchta davlat bor - bu Ukraina, Rossiya va Shimoliy Koreya», deb ta’kidladi Budanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishini saxiylik bilan moliyalashtiryapti.

«Kreml barcha harbiy texnika va qo‘shinlar uchun pul to‘laydi. Gap o‘nlab milliard dollar haqida ketmoqda va dunyodagi eng izolyatsiya qilingan Shimoliy Koreya iqtisodiyoti uchun bu juda jiddiy pul», deb ta’kidladi Ukraina razvedkasi rahbari.

Mavzuga oid