Sport | 08:11 / 14.08.2025
9448
6 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» kambek amalga oshirdi va Superkubokni qo‘lga kiritdi

Ta’tildan bir hafta oldin qaytgan parijliklar «Tottenhem»dan 2 gol o‘tkazib yuborishgandi, so‘nggi daqiqalarda hisob tenglashtirildi va g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi.

Foto: Getty Images

UYeFA Superkubogi
«PSJ» – «Tottenhem» 2:2
(pen: 4:3 )
Gollar: In 85, Ramush 90+4 – Van de Ven 39, Romero 48
«PSJ» – Shevale, Hakimi, Markinios, Pacho, Mendesh, Zair-Emeri (Li Kan In, 68), Vitinya, Due (Ramush, 77), Barkolya, Dembele, Xvicha (Ruis, 60)
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, Danso, van de Ven, Paliniya, Bentakur, Sarr, Qudus (Tel, 79), Risharlison (Solanke, 72), Spens.
Ogohlantirishlar: Barkolya 55, Pacho 58, Dembele 90 – Risharlison 53, Danso 62.

«Tottenhem» va «PSJ» bunga qadar hech qachon Superkubokni qo‘lga kiritmagandi. O‘yindan oldin ko‘pchilik parijliklarni yaqqol favorit sifatida ko‘rayotgandi, lekin amalda o‘yin kutilmagan ssenariyda kechdi. «PSJ» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin Londonning yana bir jamoasiga qarshi titul uchun yana bir og‘ir uchrashuv o‘tkazdi, ammo yakunda baribir kubokni o‘ziniki qildi.

Ikki jamoa ham boshlang‘ich tarkibi bilan ajablantirdi. «PSJ» hujum chizig‘ida Xvicha, Dembele va Duedan tashqari Barkolyaga ham joy topildi. Murabbiy uni hujumning chap qanotiga tashladi, gurjistonlik vinger o‘ng qanotdan joy oldi, Due esa hujumkor yarimhimoyachiga aylandi. O‘z navbatida, «Tottenhem» so‘nggi vaqtlarda hujumdagi qator vakillarini yo‘qotgandi: Son ketdi, Kulushevski, Meddison va Solanke esa jarohatlangan. Ulardan so‘nggisi faqat o‘yin oxiriga borib maydonga tushdi. Natijada londonliklar besh himoyachi bilan o‘ynashga qaror qilishdi, oldinda faqat Risharlison hamda Quddus qoldirildi.

Aytish mumkinki, «Tottenhem»ning boshlang‘ich rejasi ish berdi. Birinchi bo‘limda «PSJ»da birorta chinakamiga xavfli vaziyat yuzaga kelmadi. Inglizlar to‘pga egalik qilishda ikki barobar ortda qolishdi, ammo darvozaga zarba berish bo‘yicha birinchi bo‘limda yaqqol ustunlik qilishdi – 9:4. Umuman, birinchi bo‘limda ikki tomonda ham yaqqol golli vaziyatlar kam bo‘ldi, eng yaxshi imkoniyat «Tottenhem»da yuzaga keldi va Frank shogirdlari bundan foydalandi.

39-daqiqada «Tottenhem» darvozaboni Vikario ijro etgan jarima zarbasidan keyin «PSJ» darvozasi qarshisida palapartishlik yuzaga keldi. Avvaliga Palinya bir necha metr masofadan zarba yo‘lladi, ammo Shevale to‘pni to‘sin tomon yo‘naltirildi. Ammo to‘p baribir maydonga qaytdi va unga birinchi bo‘lib Mikki van de Ven yetib keldi, u amalda bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi.

Kutilmalarga ters o‘laroq, «Tottenhem» tanaffusga hisobda oldinda borgan holda yo‘l oldi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa yana londonliklar gol urishdi. Romeroning boshda yo‘llagan oddiy zarbasi golga aylandi. Aytish mumkinki, Shevale xatoga yo‘l qo‘ydi – gazonga sapchib kelgan to‘pga ulgurdi, ammo uni to‘sa olmadi – 2:0. «Tottenhem» shundan keyin hisobga qarab o‘ynadi va o‘rni kelganda vaqt cho‘zishdan uyalmadi – hatto Risharlison bunday harakat uchun ogohlantirildi. Braziliyalik hujumchi bu o‘yinda ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda a’lo darajada harakat qildi, ammo qolgan barcha ishlarni yomon bajardi.

Ikkinchi bo‘limda nihoyat «PSJ» Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan jamoa kabi o‘ynay boshladi. Zair-Emerida juda ajoyib vaziyat bo‘ldi, ammo u jarima maydoni markazida zarba berishni kechiktirib yubordi. Keyin Barkolya darvozani ishg‘ol etdi, ammo qanot hakami ofsayd holati qayd etdi. Fransuzlar nafaqat to‘pga egalik qildi, balki xavfli hujumlar ham uyushtirdi. «Tottenhem» futbolchilari esa quyi blokda tig‘iz joylashib, oxirigacha raqibning zarbalariga dosh berishga harakat qildi.

O‘yin oxirlariga kelib «PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Xvicha, Barkolya va Dueni maydondan oldi. Ular chindan ham odatdagidan farqli ravishda bu o‘yinda vaziyatlar yaratishda oqsashdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Li Kan In esa o‘z imkoniyatidan foydalandi va jarima maydoni tashqarisidan yerlatib aniq zarba yo‘lladi. Natijada o‘yinning so‘nggi daqiqalari ikki jamoa uchun ham o‘ta asabiy kechdi. Va 90+4-daqiqada fransuzlar baribir hisobni tenglashtirishga erishdi. Buni ham «PSJ»ning zaxiradan tushgan futbolchisi amalga oshirdi. Dembele qanotdan uzatma berdi, Ramush to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga yo‘lladi – 2:2, bu esa jamoalar darhol penaltilar seriyasiga o‘tishini anglatardi – Superkubokda overtaymlar ko‘zda tutilmagan.

Parijliklar safida to‘pga birinchi bo‘lib yaqinlashgan Vitinya xato zarba yo‘lladi. Lekin «Tottenhem» ham uchinchi penaltidan foydalana olmadi – Shevale van de Venning kuchli zarbasini to‘sdi, keyin esa Tel ham xato qildi va bu xato seriya taqdirini hal qildi. Natijada «PSJ» nafaqat o‘yinning asosiy vaqtida, balki penaltilar seriyasida ham kambek amalga oshirdi.

Mavzuga oid