Sport | 18:24 / 15.08.2025
12066
20 daqiqa o‘qiladi

Ikki turlicha kampaniya. «Real» va «Barsa»ning yozgi transferlari haqida

Biri yangi hayot boshlamoqda, ikkinchisida hozircha tushunarsiz bo‘lib ko‘rinayotgan transferlar. Oyna hali yopilmagan, lekin asosiy xaridlar amalga oshirib bo‘lingan.

Foto: Getty Images

Ingliz klublari transfer bozorini ostin-ustun qilayotgan bir paytda Ispaniyaning ikki grandi xotirjam tarzda mavsumga tayyorgarlik ko‘rdi. Bu safargi Ispaniya chempionati, xususan klasikodagi raqobat avvalgilardan ortiq bo‘lsa bo‘ladiki, kam bo‘lmasligi tayin. Tizimlashish yo‘lidagi «Real», mukammal mavsumni takrorlash ilinjidagi «Barselona» yozda nimalar bilan shug‘ullandi? Quyida championat.com materiali ma’lumotlari asosida ushbu mavzuga chuqurroq kirildi.

O‘tgan mavsumda «Barselona» Ispaniyada barcha sovrinlarni o‘ziniki qilib, Chempionlar Ligasi finaliga bir qadam yetmay qolgandi. «Real» esa faqat kichik sovrinlar bilan kifoyalandi – UYeFA Superkubogi hamda Qit’alararo kubok. Klub Ispaniyada barcha sovrinlarni «Barselona»ga boy berdi, Chempionlar Ligasida «Arsenal» qarshisida yaqqol ojiz qoldi.

Bu farq transfer oynasida ham sezilmoqda. «Barselona» faqat kichik «kosmetik» o‘zgarishlarga qo‘l urayotgan bo‘lsa, «Real» kapital ta’mirni boshlab yuborgan. Ayni damda «Real» sokin ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, asosiy transferlarni klub ertaroq, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan avval amalga oshirgandi, tabiiyki, Habi Alonso kelganini ham hisobga olish kerak. Ushbu mutaxassis Karlo Anchelottidan tubdan farq qiladi. Umuman, «Real» va tizimli murabbiy tushunchasi anchadan beri birgalikda tilga olinmayotgandi.

Yangi mavsumda bu ikki granddan nimalarni kutish mumkin? Transfer oynasi yopilguncha yana yangiliklar bo‘ladimi? Quyida shu haqida.

Madridda katta islohotlar

Karlo Anchelotti, shubhasiz, buyuk murabbiy, «Real» uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshira olgan. Ammo so‘nggi mavsumlarda ko‘rindiki, jamoaga yangi g‘oyalar juda zarur. Ispaniyada juda ham pastga qulashning iloji yo‘q, «Real»ning tarkibi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo alohida top-o‘yinlarda va ba’zi yaxshi tizimlashgan jamoalarga qarshi o‘yinlarda «Real»da muammolar tez-tez ko‘zga tashlana boshladi. Individual mahorat evaziga o‘yinlarni, hatto katta turnirlarni yutish mumkin, buni ayniqsa «Real» juda yaxshi bilsa-da, baribir bu yo‘l bilan muvaffaqiyatni barqaror yo‘lga qo‘yish qiyin. Muxlislar ham faqat ayrim yulduzlardan mo‘jiza kutib o‘tirishdan ko‘ra, «Real»ning raqiblardan har jabhada ustunligini ko‘rishni xohlashadi.

Aynan shuning uchun Leverkuzendan Habi Alonso olib kelindi. Jamoa yangi murabbiy qo‘l ostida qanday sxemada o‘ynashi, kimlar kelib, qaysi futbolchilar sotib yuborilishi mumkinligi haqida mulohazalar ko‘p bo‘ldi. Aniq javoblarni albatta, mavsum davomida ko‘ramiz. Shunday bo‘lsa-da, Alonsoning asosiy chizgilarini klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ko‘zga tashlandi.

«Real» asosan gibrid sxemaga murojaat qilmoqda: to‘psiz holatda to‘rt, to‘p bilan esa uch himoyachi. To‘p nazoratida markaziy himoyachilar bilan bir chiziqqa Orelen Tchuameni tushmoqda – fransuz yarimhimoyachisi yangi mavsumda jamoaning yangi yuzlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Habi Alonso va Kilian Mbappe
Foto: Megan Briggs/Getty Images

Ikki yangi futbolchi jahon chempionatida deyarli to‘liq harakat qildi – Din Hausen va Trent Aleksandr-Arnold «PSJ»ga qarshi yirik mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindan boshqa barcha o‘yinlarda ishtirok etishdi. Trent kichik jarohat sababli, Hausen esa diskvalifikatsiya tufayli pley-offda chorakfinal o‘yinini o‘tkazib yuborishdi. Aytish mumkinki, bu ikki futbolchi maydonda bo‘lgan taqdirda ham o‘sha «PSJ»ga qarshi biror narsa qilish mushkul edi. Shuningdek, tan olish kerakki, himoyada xatolar yetarli bo‘ldi ham. Yangi qurilayotgan va o‘zini axtarayotgan jamoa uchun esa bu tabiiy hol.

Madridliklar tarkibida paydo bo‘lgan yana bir yangi nom – Gonsalo Garsiya. «Real» tarbiyalanuvchisi aslida o‘tgan mavsumda ham ba’zi o‘yinlarda ko‘rinish bergan bo‘lsa-da, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tom ma’noda hujumchining yulduzli onlariga aylandi. Olti o‘yinda Garsiya to‘rt gol muallifi bo‘ldi va bir assist amalga oshirdi. Kilian Mbappe kutilmaganda oshqozon kasalligiga yo‘liqib, ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lganidan Gonsalo juda yaxshi foydalandi. Shu darajadaki, Mbappe qaytganidan keyin ham murabbiy Gonsaloga maydonda joy topib berishiga to‘g‘ri keldi. Boshqacha qarorni muxlislar qabul qilmagan bo‘lardi.

Yosh futbolchining o‘yinini u qadar yorqin deyish qiyindir-u, ammo juda samarali. U har qanday qiyin holatda ham darvozaga zarba yo‘naltira olishini namoyish etdi. Zarba chiroyli bo‘lishi shart emas, tananing qaysi a’zosi bilan amalga oshirilishining ham farqi yo‘q – to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tsa bo‘lgani. Uni allaqachon afsonaviy Raul bilan ham taqqoslab ulgurishdi. O‘yin uslubi, har qanday yo‘l bilan to‘pni darvozaga yo‘llashga urinishlari bilan qaysidir jihatdan bu ikki futbolchi o‘xshash.

Gonsalo Garsiya «Real» safidagi golni nishonlamoqda
Foto: Luke Hales/Getty Images

Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, ayni damda hujumchilar iyerarxiyasida Garsiya Endrikdan yuqori baholanmoqda. Braziliyalik hujumchi jarohat tufayli turnirni o‘tkazib yubordi va o‘zi shundoq ham muammo bo‘lgan o‘yin amaliyoti yangi mavsumda yanada kamayib ketishi turgan gap. U ijaraga ketishi mumkinligi haqida ham xabarlar bor, ammo Endrikning o‘zi jamoada qolishni afzal ko‘rmoqda, nima bo‘lganda ham, Gonsalo o‘ziga berilgan imkoniyatdan a’lo darajada foydalandi. AQSh turniridagi ishtirok unga asosiy tarkib kafolatini bermasa-da, asosiy tarkibga yaqinlashtirdi va Alonso tez-tez unga imkoniyat berishi turgan gap. Qolgani futbolchining o‘ziga bog‘liq.

Yana ikki yangi futbolchi «Real»ga turnirdan keyin qo‘shildi. Alvaro Karreras chap qanot himoyasida to‘p suradi. Shuningdek, ayni damda dunyoning eng iqtidorli futbolchilaridan biri hisoblanayotgan argentinalik Franko Mastantuono «River Pleyt»dan xarid qilindi.

Karreras «Deportivo», «Real» va «Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘z vaqtida «Real» uni Manchesterga bepulga qo‘yib yuborgandi. Inglizlar Karrerasni bir necha bor ijaraga yubordi va keyin «Benfika»ga sotishdi. Uyog‘iga portugallar har doimgidek zo‘r biznes qilishdi – 50 million yevroga Madridga transfer amalga oshdi. «MYu» bu transferdan o‘z ulushini oldi, Alonso esa yosh bo‘lsa-da, chap qanotda yetarlicha tajribaga ega bo‘lgan iste’dodli futbolchini qo‘lga kiritdi. Eng muhim tomoni – Karreras to‘rt himoyachi sxemasida ham, uch markaziy himoya variantida ham lateral sifatida ham o‘zini yaxshi ko‘rsata oladi.

Shu bilan birga, «Real»da bu pozitsiya uchun Fran Garsiya va Ferlan Mendi bor. Ma’lumotlarga qaraganda, Garsiyaning o‘yinlari Alonsoga ma’qul bo‘lgan va u hech qayerga ketmaydi. Alonso uni o‘z vaqtida «Bayyer» olib kelishni xohlagani haqida ham xabarlar chiqqan. Ammo Mendining kelajagi noma’lum. U 30 ga kirib ulgurdi va juda ko‘p jarohat oladi. Uning ketishi ko‘pchilik uchun kutilgan hol bo‘ladi, hozircha esa Mendi «Real» a’zosi.

Mastantuonoga kelsak, uning transferi ham hozir, ham istiqbol uchun baholanmoqda. Kelajak uchun deyilayotganining sababi, u ayni damda atigi 18 yoshda. Hozir uchun ham, chunki shu yoshda ham u juda ko‘p narsaga qodirligini namoyish qilmoqda. U «River Pleyt» safida 64 o‘yinda qatnashib ulgurdi, hatto Argentina milliy jamoasiga jalb etildi. U shunchaki iste’dodli loyiha emas, kattalar futbolida yetarlicha o‘zini ko‘rsata olgan va yo‘qolib qolmagan tayyor futbolchi ham. Umuman olganda, yosh futbolchilarni bevosita Lotin Amerikasidan katta pulga sotib olish tajribasi «Real»da anchadan beri bor. Marselodan boshlangan, Vinisius, Rodrigo kabi futbolchilar bu yo‘nalishning samarasini maydonda isbotlab ham ulgurdi.

Shu bilan birga, o‘tgan mavsumda xuddi shu statusda Endrik tashrif buyurganini ham unutmaslik kerak. Endrik hali Madridda Braziliyada ko‘rsatgan o‘yinini namoyish qila olmayapti. Lekin shunda ham uni butunlay ro‘yxatdan o‘chirmaslik kerak, zero u hali yosh, qolaversa, o‘z vaqtida Vinisius Juniorda ham muvaffaqiyatsiz mavsumlar bo‘lganini yoddan chiqarmaslik kerak.

Mastantuononing Ispaniyadagi ishlari qanday kechishini aniq aytish qiyin. Shunchaki, ko‘p narsa kutmasdan, futbolchi har qancha iste’dodli bo‘lmasin, Madridda birdaniga o‘ynab ketish faqat sanoqli futbolchilarga nasib etgani e’tiborga olinsa, argentinalik yosh iste’dod «Real» tarkibida ba’zida foyda keltiradigan futbolchilardan biriga aylana olsa ham, birinchi mavsum uchun yaxshi natija bo‘ladi. Sharoit yomon emas – u atrofida dunyo yulduzlari bilan to‘p suradi, Alonso qo‘l ostida bo‘ladi. Ushbu murabbiyning yosh futbolchilarni kashf qilishga usta ekanini bilamiz. Frankodan bor imkoniyatini ishga solib, mehnat qilish talab etiladi.

Yangi mavsumda porlashi kutilayotgan ichki resurslardan biri Arda Gulerdir. Turkiyalik vunderkind ikki yil oldin jamoa a’zosiga aylangan bo‘lsa-da, hali to‘liq o‘zini ko‘rsata olmay kelayotgandi. Ba’zida belgilangan vazifalar uchun ancha yoshdek ko‘rinsa, ba’zan jismoniy tomondan pand berayotgandek tuyulgandi. Karlo Anchelotti futbolida bu tabiiy, zero futbolchilarning individual mahorati bilan birga, kamchilik tomonlari ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Ammo Alonso biroz teskari murabbiy, u biz umuman kutmagan futbolchi uchun maydonda mos shartlarni paydo qilib, uni ancha foydali yulduzga aylantirishi mumkin. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati Ardani aynan shu tomondan kashf qildi. U hujumning yakuniy fazasida emas, biroz orqaroqda o‘ynay boshladi va aytish mumkinki, ba’zi hollarda Toni Kroosni ham eslatib yubordi.  

«Barselona» – ziddiyatlar va kashfiyotlar jamoasi

«Real»dan farqli ravishda «Barselona»da g‘oya borasida muammo yo‘q. Taktik va emotsional vaksina Kataloniyaga o‘tgan yili Germaniyadan olib kelingan. Hans-Diter Flik birinchi mavsumida ajoyib ishladi va klubdagi moliyaviy va boshqaruv muammolarini ham unuttirib yuborishga muvaffaq bo‘ldi.

Shu bilan birga, muammolar hech qayerga yo‘qolgani yo‘q. Bu yozda klub Niko Uilyamsni sotib olishga harakat qildi. Nikoning o‘zi ham Barselonaga kelishga qarshi emasdi. Ammo futbolchi va uning vakillari registratsiya masalasida ancha asosli savollarni qo‘yishdi, zero o‘tgan yili Olmo bilan bo‘lgan voqea takrorlanishi xavfi yo‘q emasdi. Shuningdek, Nikoning transfer narxi ham kichik emas – 60 million yevro. «Barselona» budjeti uchun bu juda katta raqam.

Hammasi Nikoning yangi shartnoma tuzishi va «Atletik»da qolishi bilan yakunlandi. «Barselona» o‘zi juda xohlagan futbolchini qo‘lga kiritishni uddalay olmadi. Kichik Uilyamssiz kataloniyaliklar qay darajada kuchli bo‘la oladi? Aslida bu muammo emas, axir o‘tgan mavsumda tarkibda dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri Rafinya to‘p surgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, agar Rafinya bu pozitsiya uchun keragidan ham a’lo bo‘lsa, nega Niko uchun shunchalik harakat qilindi?

Baribir Niko/Rafinya pozitsiyasiga yangi futbolchi olib kelindi – Markus Reshford. Kelishuv ijara asosida bo‘lsa-da, arzon emas. Markusning maoshi 10-15 million yevro atrofida. Nima bo‘lganda ham, Reshford Nikodan ko‘ra arzonroqqa tushishi aniq.

Reshford uchun bu so‘nggi yillarda ancha tushib ketgan faoliyatini yangilash uchun imkoniyat. Markus «Aston Villa»da harakat qilib ko‘rdi, Emeri tez-tez unga vaqt berdi ham. Lekin Markus butunlay asosiy futbolchiga aylana olmadi. Buning ustiga baribir Birminghem futbolchi uchun vaqtinchalik bekat ekani ko‘rinib turar, «Barselona» esa butunlay boshqa daraja. Yozgi transferlar oynasi ochilganidan beri Reshford orzusi aynan Kataloniyada o‘ynash ekanini yashirmadi, hatto maoshining ma’lum qismidan ham voz kechdi. Natijada hozircha qog‘ozda hammasi yaxshi, ushbu transferdan hamma, futbolchi, klub, hatto «Manchester Yunayted» ham yutmoqda.

Markus Reshford
Foto: David Ramos/Getty Images

Yana bir yozgi transfer – darvozabon Jon Garsiya. Uni «Espanyol»dan 25 million yevro tovon pulini to‘lab sotib olishdi. Ushbu darvozabon o‘tgan mavsumda juda yaxshi o‘ynadi. «Espanyol»ning ligada qolishida uning roli beqiyos. Darvoza chizig‘ida Garsiya benazir harakat qiladi. Ammo ba’zi «lekin»lari bor.

Birinchidan, Garsiya uchun bu ilk to‘liq mavsum bo‘lgandi. U 24 yoshga kirib ulgurganini hisobga olsak, yetarli emas. Joan 2023/24 yillar mavsumida Segundada atigi 14 o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa, o‘tgan mavsumni to‘liq o‘tkazdi, shu xolos. Umumiy xulosa va «Barselona»ga yaxshigina pulga olib kelish uchun bu muddat yetarlimi? Bahsli savol.

Ikkinchidan, «Espanyol»ning o‘yin uslubi «Barselona»nikidan tubdan farq qiladi. O‘tgan mavsumdagi o‘yinlarning aksariyatida «Espanyol» asosan quyi blokda himoyalandi. Garsiya doim o‘yin ichida bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Shu shartlarda, har uchrashuvda 10-15 marta darvozaga zarba kelib turishi bilan «Barselona»dagi kabi, butun 90 daqiqada atigi 2-3 marta zarba kelishi va bularning barchasini qaytarish kerakligi butunlay farqli holatlar. Bundan tashqari, «Espanyol»da darvozabon «Barsa»dagi kabi oyoqda yaxshi o‘ynashi ham shart emas. Flikda himoya juda yuqori joylashadi va bu ham darvozabondan mutlaqo boshqacha fazilatlar talab qiladi. Xullas, Garsiya yangi shartlar va talablarga moslashishi lozim bo‘ladi.

Nihoyat, Shensni, ter Shtegen va Penya ham shu yerda, hali hech qayerga ketishmadi. Bu nomlar ichida faqat Penyaning reytingi pastroq va klub uni qo‘yib yuborishga qarshi emas. Shensni o‘tgan mavsumni yaxshi o‘tkazdi va yangi shartnomaga ega bo‘ldi. Polshalik darvozabonning birdaniga zaxirada o‘tirishiga aniq asos yo‘q. Mark Andre ter Shtegen esa jamoa sardorlaridan biri. Ha, o‘tgan mavsumda unda jarohat bo‘ldi, ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yubordi ham, lekin unda ham jamoa bilan uch yillik shartnoma bor va hech qayerga ketmoqchi emas.

Ya’ni xuddi Reshford kabi, yangi darvozabonning transferi ham «Barselona» uchun unchalik zaruriy bo‘lmagandek ko‘rinmoqda. Bugungi shartlarda, moliyaviy qiyinchiliklar davrida 25 million yevro sarflab Garsiyani olib kelish klubga nega kerak edi, degan savol tug‘iladi.

Mana shunday qarorlar hozircha klub boshqaruvidagi muammolar yo‘qolmaganini isbotlamoqda. Axir jamoada yaqqol to‘ldirilishi kerak bo‘lgan boshqa chiziqlar bor. Masalan, Robert Levandovski barcha musobaqalarda ishtirok etish uchun yetarlicha yosh emasligi so‘nggi mavsumda ham ko‘rinib qolgandi. Kerakli paytda o‘rinbosar bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumchi, hech bo‘lmasa arzon variantda Ispaniyadan topishning iloji yo‘qmidi? Yoki markaziy himoya chizig‘ini olaylik. Shundoq ham muammolarga ega bo‘lgan chiziqda o‘tgan mavsum eng yaxshi va yetakchi markaziy himoyachi bo‘lgan Inigo Martines tekinga Saudiya Arabistoniga qo‘yib yuborildi. Albatta, Kristiansenning qaytishi qo‘shimcha opsiya bo‘lishi mumkin, ammo butun mavsum jarohatlar bo‘lmasligiga, aytaylik, o‘tgan yili «Real» tushib qolgan vaziyat «Barselona» bilan kuzatilmasligiga kafolat yo‘q. Mana shunday holatlarda jarohatlanganlarning o‘rnini to‘ldirish uchun ichki resurs qay darajada?

Mana shu yerga kelganda, vaziyat balki biz o‘ylagandek emasligi haqida ehtimol paydo bo‘ladi. Axir biz Kubarsini ham, Kasado, Fermin, hatto Yamalni ham o‘sha porlagan mavsumlari boshlanayotganda tanimasdik, to‘g‘rimi? Klubning o‘zini xotirjam tutishida balki shu sabab ham bordir. Ya’ni, doim mantiqsiz boshqaruv qarorlari yoki passiv transfer siyosati davrida ham murabbiy joniga ora kiradigan La Masiya bu mavsum ham bizni ajablantirar? Shuning uchun, gap agar «Barselona» haqida ketsa, avgust oyidagi tarkib bo‘yicha xulosa chiqarish hamisha xato bo‘ladi. Biz hali ismini bilmaydigan bo‘lajak yulduzlar o‘z navbatini kutib turgani va ular borasida Flikning o‘z rejalari borligi tayin.

Boshlanishiga bir necha soat qolgan yangi mavsum bizga eng nemislashgan ispan murabbiyi va eng ispanlashgan nemis murabbiy o‘rtasidagi unutilmas raqobatning ibtidosi bo‘lsa ne ajab?

Mavzuga oid