Jamiyat | 07:55 / 16.08.2025
5318
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda qalbaki 150 ming dollar muomalaga kiritilishining oldi olindi

U Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olgani aniqlangan.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqoltin tumanida yashovchi, 27 yoshli fuqaro ushlandi.

DXX xabariga ko‘ra, u qalbaki 150 ming AQSh dollarini shartli xaridorga haqiqiy 30 ming AQSh dollariga sotishga uringan.

Ta’kidlanishicha, u oldin ham sudlangan bo‘lib, 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va hozir jazoni o‘tash davrida bo‘lgan.

Tergovga qadar tekshiruvda u Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olgani aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid