Jahon | 23:43 / 16.08.2025
9383
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putin uchrashuvi: bu nima edi?

AQShda Tramp va Putin o‘rtasida uzoq kutilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Taxmin qilganimizday, uchrashuvda hech narsa bo‘lmadi. Ko‘pchilikda bir savol: bu nima edi o‘zi? Ikki prezident shuncha odamni sarson qilib nega ko‘rishdi o‘zi? Jurnalistlar oldiga chiqib hech qanday kelishuv bo‘lmadi deyish uchunmi? Lekin uch soatlik uchrashuvda nimalardir bo‘lgani aniq. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dabdabali qabul

Demak, avvalo uchrashuv qanday boshlanganiga to‘xtalsak, chunki tomonlar kayfiyatini bilish uchun bu juda muhim. Tramp Putinni dabdabali kutib oldi desak bo‘ladi. To‘g‘ri, aeroportda faxriy qorovul saf tortib, harbiy orkestr Rossiya madhiyasini chalmadi. Kichkina bolalar yo‘lak tashkil qilib, Rossiya va AQSh bayrog‘ini hilpiratmadi, Tramp Putinga non va tuz ham tutmadi, lekin Amerika prezidenti kimnidir shaxsan aeroportda kutib olganining o‘zi – dabdaba.

Putinning oyoqlari ostiga gilam to‘shashdi, xuddi SSSR bayrog‘i kabi alvon rangdagisidan. Amerikalik harbiylar Putinning samolyoti yaqinlashganda, gilamni qayta-qayta tozalab chiqishdi. Tramp Putinni juda iliq kutib olib, xush kayfiyatda chaqchaqlashdi. Keyin aftidan protokolda belgilanmagan bo‘lsa-da, Putinni o‘zining limuziniga taklif qilib, uchrashuv joyiga birga bordi. Sovuq urush davridan buyon eng yomon munosabatlarni boshdan o‘tkazayotgan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvida bundan ortig‘ini kutib bo‘lmaydi.

Samarasiz uchrashuv

Uchrashuv joyiga yetib borishganda jurnalistlar prezidentlarni savollarga ko‘mishdi. Hamma birdaniga savol berdi, ba’zilar hatto dodlab gapirdi. Rossiyalik jurnalistlar amerikalik hamkasblari dodlaganini tartibsizlik sifatida ko‘rsatishga urinishdi, lekin okean ortida bu oddiy hol. U yerda muhim uchrashuvlar shunday boshlanadi. Keyin kimdir kelib hammani tinchitadi-da, sokin savol-javob boshlanadi. Demokratiya deyishadi buning nomini, tovarish jurnalistlar. Amerikada shunaqa, birovning og‘zini yopishga odatlanishmagan, savollarni ham tashkilotchi bilan kelishish shart emas.

Demak, Tramp va Putinni suratga, videoga olib bo‘lishgach, jurnalistlarni chiqarib yuborishdi. Keyin yopiq muzokaralar boshlandi. Unda har ikki tomondan uch kishidan qatnashdi. Yopiq muzokara kutilganidan ancha tez – uch soatda yakunlandi. Lekin ko‘pchilik xavotirlanganidek, ikki daqiqada ham tugamadi. Esingizda bo‘lsa, Tramp Putin nima istayotganini ikki daqiqada bilib olaman, bu vaqtda u urushni tugatishni istamayotganini tushunsam, uchrashuvni yakunlayman, degandi.

Uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida hech qanday aniq gap aytilmadi. Tramp kelishuv bo‘lmagani, bu uchun hali Putin bilan yana uchrashishi kerakligini aytdi. Qizig‘i, uchrashuvdan keyin brifingda birinchi bo‘lib mehmon Putin gapirdi. Odatda mezbon prezident gapirib, keyin mehmonga so‘z berardi. Bu holat hatto Trampni qo‘llovchi Fox News telekanalini ham hayron qoldirdi.

Endi nima bo‘ladi?

Tramp uchrashuvdan keyin Fox New'sga intervyu berdi, keyin Amerika nashrlari uchrashuv haqida insaydlar e’lon qildi. Ulardan bir xulosaga kelish mumkin: Tramp dushanba kuni Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashadi va unga jiddiy bosim qiladi. Aftidan, Putin Trampga Donbass ustidan to‘liq nazorat istashi, Xerson va Zaporijjyada esa frontni muzlatishni istayotganini aytgan. Tramp uchrashuvdan keyin Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, Putinning bu istagini yetkazgan. Tramp uchrashuvdan keyin aytgan bir gapi uning kayfiyatini ochib beradi: «Rossiya kuchli davlat, Ukraina esa yo‘q». Ha, u ochiqchasiga shunaqa dedi. Ya’ni Tramp Kiyevni o‘z yerlarini Rossiyaga topshirishga undaydi. Agar rozi bo‘lmasa, Ukraina jang maydonida chinakamiga yolg‘iz qoladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ikki qariya butun dunyoni sarson qilib, katta axboriy shovqin ko‘tarib, butun boshli Alyaskada ko‘rishishdi-da, aylanib-o‘rgilib, «endi hammasi Zelenskiyga bog‘liq», deb o‘tirishibdi. Ya’ni ularning rejasi bo‘yicha Ukraina prezidenti dushanba kuni Oq uyga borib, Trampga mamlakat o‘z yerlarini topshirishga rozi ekanini aytishi kerak. Aytmasa, Ukrainaning boshiga og‘ir kunlarni solishadi.

Ana shunaqa yomon uchrashuv bo‘ldi Alyaskada. Aftidan, dunyo yana chegaralar kuch bilan o‘zgartiriladigan xavfli davrga kirib keldi. Bu yaxshilik bilan tugamaydi. Har holda o‘tgan asr o‘rtasida yaxshilik bilan tugamagandi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid