Jahon | 12:43 / 16.08.2025
16527
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putinning Alyaskadagi uchrashuvi - jahon OAV nigohida

Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi jahon ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jurnalistlar Trampning olqishlari, qizil yo‘lak, prezident limuzinida birgalikda harakatlanish va Oq uy egasiga xos bo‘lmagan sukunatni qayd etdi. Shu bilan birga, Yevropa nashrlari Rossiya rahbarining bunday tantanali qabul qilinishiga norozi munosabat bildirdi.

Foto: Getty images

The New York Times: olqishlar va ingliz tili

NYT nashrining yozishicha, Rossiya yetakchisining tashrifiga maksimal darajada tantanali tus berildi: harbiy aviaparad, qizil yo‘lak, rasmiy qo‘l siqish va prezident limuzinida birgalikda harakatlanish. Gazetaning ta’kidlashicha, Tramp Putinni qarsaklar bilan kutib oldi. Nashr, shuningdek, Putin ingliz tilida bemalol muloqot qilganiga e’tibor qaratdi - uning yonida tarjimonlar bo‘lmagan.

«Aftidan, tarjimonlar yo‘q edi, Putin esa ingliz tilida suhbatlashish uchun yetarlicha yaxshi gapirdi. Bu ikki yetakchi alohida muhokama qilgan narsalarga maxfiylikni qo‘shishi mumkin».

Reuters: eski do‘stlar kabi

Agentlik uchrashuv muhitini iliq, go‘yo yetakchilar uzoq vaqtdan beri tanishdek ta’rifladi.

«Tramp va Putin bir-birini qadrdon do‘stlardek kutib oldi. Ularni iliq kutib oldi, deyish deyarli kamsitish demakdir. Ikki erkak bir-birining qo‘lini siqib, juda yaxshi munosabatda bo‘ldi».

CNN: kamgap Tramp va Yevropaning munosabati

CNN telekanalining e’tibor qaratishicha, muzokaralar boshida Tramp bayonot berishdan o‘zini tiydi, bu esa kamdan-kam uchraydi.

«Elmendorf-Richardson qo‘shma bazasidagi konferensiya zalida ikki kishi o‘tirib, nima bo‘layotganini jimgina kuzatdi. Ularning hech biri kirish nutqini so‘zlamadi».

Telekanal, shuningdek, Yevropa yetakchilari uchun Putinning bunday tantanali qabul qilinishi «og‘riqli bo‘lganini» ta’kidladi.

CNN «tana tili»ga ham e’tibor qaratdi: sammit muhiti sovuq bo‘lmagan.

«Juma kuni bo‘lib o‘tgan sammitda tana tili sovuq emas edi».

NBC: Putin Tramp limuzinini tanladi va Zelenskiydan farq qildi

Qutlovdan so‘ng yetakchilar AQSh prezidentining Cadillac avtomobilida muzokaralar joyiga birgalikda yo‘l oldi. NBC nashrining ta’kidlashicha, Rossiya yetakchisi o‘zining Aurus avtomobili o‘rniga Tramp limuzinini tanladi.

«Uchish-qo‘nish yo‘lagida Putinni o‘z avtomobili kutib turardi. Ammo Rossiya rahbari buning o‘rniga Trampning limuziniga o‘tirdi», deb yozdi OAV.

Telekanal, shuningdek, Tramp Putinni qanday qabul qilgani va fevral oyida u Vladimir Zelenskiy bilan qanday janjallashganini ham taqqosladi.

«Vladimir Putinga samimiy salom Zelenskiy bilan qishda Oq uyda bo‘lib o‘tgan janjaldan keskin farq qiladi».

Bloomberg: maxsus xizmatlar uchun sinov va turli xil muzokara uslublari

Bloomberg uchrashuv tafsilotlarini batafsil bayon qildi va bu Amerika maxsus xizmatlari uchun sinov bo‘ldi, deb hisoblamoqda.

«Tramp birinchi bo‘lib pastga tushdi - o‘zining maxsus qizil galstugida. Putin shaxdam qadamlar bilan pastga tushdi. U tabassum bilan Trampning qo‘lini siqib qo‘ydi, Tramp esa Rossiya yetakchisiga qarsak chaldi. Keyin Putin AQSh prezidentining zirhli limuziniga o‘tirdi. Bu kuch tuzilmalari uchun haqiqiy sinov».

Agentlikning ta’kidlashicha, uchrashuv turli diplomatik yondashuvlar to‘qnashuvi bo‘lgan.

«Putin strategik sabr-toqat va qat’iy nazorat tarafdori, Tramp esa tezkor g‘alabalar va shaxsiy hamda milliy manfaatlarni uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratmoqda».

Bloomberg nashrining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rahbarining Qo‘shma Shtatlarga taklif etilishini Moskvaning muvaffaqiyati deb hisoblash mumkin - muzokaralar natijalaridan qat’i nazar.

The Guardian: ikkalasi uchun ham foyda

Britaniya nashrining qayd etishicha, sammit har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Putin AQSh prezidenti bilan uning hududida uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ldi, Tramp esa keng ko‘lamli media-shouda o‘zini dunyo siyosatchisi sifatida ko‘rsatdi.

«Bugungi uchrashuv ikki yetakchi uchun mag‘lubiyatsiz bo‘lishi mumkin. Putin AQSh prezidenti bilan Amerika zaminida uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tramp, o‘z navbatida, hech kim Jyeffri Epshteyn haqida gapirmaydigan jahon sahnasida davlat arbobi rolini o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ldi».

Sky News va Bild: sanksiyalar o‘rniga - gilam yo‘lak

Sky News sammitni Putin uchun o‘ziga xos «mukofot» va xalqaro izolyatsiyadan chiqish deb atamoqda.

«Quvg‘indi ko‘proq sherikka o‘xshayapti. Donald Tramp sanksiyalar o‘rniga Rossiya prezidentini davlat tashrifiga teng narsa bilan taqdirladi».

Germaniyaning Bild nashri bosh muharriri o‘rinbosari Paul Ronsxaymer Amerika prezidentini Putinni olqishlagani va uning sharafiga gilam to‘shalgani uchun tanqid qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid