Ayollar dunyosi | 14:47 / 17.08.2025
89176
10 daqiqa o‘qiladi

Orzu ortidagi dard: Koreyaga kelin bo‘lgan o‘zbek qizlari qismati

16-17 yoshli o‘zbek qizlari 40-50 yoshli erkaklarga nega turmushga chiqishyapti? Ayrimlari hali tegmasdan turib har oy 500 dollardan olishadi… lekin buni baxt emas, narx deyish mumkin. Tashqaridan romantika, ichkarida esa odam savdosiga teng hayot. O‘zbek qizlari nimaning evaziga Koreyaga ketyapti? Va nima uchun ularning 95 foizi bu qaroridan pushaymon?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yaqinda koreyalik bloger taxminan 20 yoshli o‘zbek qizi va 50 yoshlar atrofidagi koreys kuyovning to‘yidan tayyorlagan videoreportajini “Koreyaga erga tegish uchun navbatda turishibdi” sarlavhasi ostida YouTube’ga joyladi. Videoda qizlar o‘zlari unashtirilgan koreys kuyovlar har oyda ularga 500 dollardan pul yuborib turishi, koreys erlar esa mehribon va mas’uliyatli ekani ta’kidlanadi.

Bu kabi targ‘ibot videolar, qizlarni “xorijlik erga tegayotgan baxtli inson” sifatida ko‘rsatilishi boshqalarda ham shunday hayotga havas uyg‘otadi. Koreyaga kelin bo‘lish havasi ortidagi haqiqatlar sizni hayratga solishi aniq.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Koreyaga kelin bo‘lganlar orasida Vetnam, Xitoy va Tailand fuqarolari ko‘p, Markaziy Osiyodan esa eng ko‘p kelinlar O‘zbekistondan borishgan. Mamlakat demografiyasini hisobga olgan holda ko‘p holatlarda bu nikohlar mahalliy hokimiyat tomonidan subsidiyalanadi. Masalan, Janubiy Koreyaning qishloq xo‘jaligi va baliqchilik bilan shug‘ullanadigan 35 ta mintaqasida mahalliy erkaklarga xorijlik xotin olish uchun bir necha million von yordam puli berilgan. O‘zbek qizlari eng qimmat kelinlardan hisoblanadi: ular uchun o‘rtacha 18,3 mln von (16 700 $) ajratiladi. Xo‘sh, ular nega aynan o‘zbek qizlarini tanlashadi? Chunki o‘zbek qizlari chiroyli va mehnatkash deya e’tirof etiladi. Yuqoridagi narx hozir yanada oshgan, qizlarning yoshi, salomatligi, bilimi, ko‘rinishiga qarab ayni paytda 25-35 ming dollardan to‘lashadi. Bu pulning katta qismini esa ularni topib bergan o‘rtakash kompaniyalar oladi. Qizlarning xorijdagi hayot orzusi shu tariqa pullanadi. Ismi sir qolishini so‘ragan, Koreyaga turmushga chiqqan vatandoshimiz bu qizlarning 95 foizi qattiq pushaymonda ekanini aytdi.

“Koreyaga turmushga chiqib kelgan 95 foiz qizlar ajrashgan, hali birortasini ko‘rmadim koreys bilan baxtli-taxtli bo‘lib yashab ketganini. Bo‘lsa 5 foiz bo‘lishi mumkin bunaqalar. Juda yomon taqdirlar ham bor, pishiqqina qizlar ham bor. Tilni bilishi kerak, albatta.

Men koreys tilini judayam yaxshi o‘qiganman, shuning uchun Koreyada tilni, qonunni bilganim uchun vaziyatdan chiqib ketganman. Mendayam yaxshi bo‘lmagan, qiynalganman. Bitta farzandim bor, uni olib chiqib ketganman, qonuniy ajrashganman. Turmushga chiqib xato qilganman deb tan olaman.

Koreyaga turmushga chiqib o‘zligini topgan qizlar ham ko‘p. Ko‘zi ochilib, xatosini tushunib, o‘zligini topib... Koreya hayotini kinolarda ko‘rib, havas qilib – bu yoqqa kelib asl haqiqatlarni ko‘rib aslida o‘zi xato qilganini, dinini chuqurroq o‘rganib o‘zligini topgan qizlar ham judayam ko‘p.

Shunaqa holatlarni eshitganman: issiq suv ketmasligi uchun ayolni sovuq suvda bosh yuvishga majbur qilgan erkak. Necha yil shunaqa zulmdan keyin ayol meningit bo‘lib o‘lib ketdi, ikki bolasi qoldi. Ba’zi koreyslar judayam oshirib yuborishadi. Shunaqa paytda qizlar til bilsa huquq idoralariga, elchixonaga murojaat qilishsa, ular amaliy yordam berishadi. Til bilmasdan yomon vaziyatga tushib qolgan qizlarni ko‘rdim.

O‘zbekistondan bizni tanishtirgan kompaniya tomonidan aldov bo‘lgan. Ular kuyov Islom dinini qabul qildi deyishgan. Bizga mehmonxonada o‘zbek mulla kelib nikoh o‘qigan. Kalima qaytartirgan, qizimning otasiga Muslimbek deb ism qo‘ygan. Uni dinimizga kirdi deb o‘ylaganman. Koreyaga kelgach, cho‘chqa go‘shti yemasligimni, u ham Islomga kirganini aytganimda, ochiqchasiga “yo‘q, men u dinga kirmaganman. Kompaniyadagilar shunaqa marosim o‘tkazmasak senga qizini bermaydi ular. Bu yerda din 1-o‘rinda turadi, shunaqa nikoh marosimida qatnashishing kerak, deyishgani uchun shularni bajarganman”, degan erim.

Yana bir videoda aytilishicha, 17 yoshida O‘zbekistondagi norasmiy tanishuv kompaniyasi orqali o‘zidan 35 yosh katta, ya’ni 52 yoshli koreys erkakka turmushga chiqqan o‘zbek qiz ko‘p o‘tmay kaltaklana boshlagan. U xalqaro nikohni odam savdosi deb ataydi.

“Kompaniyaning ishini odam savdosi bilan shug‘ullanadi deyish mumkin. Qizlarni pullash. Endi u sizning mulkingiz, istaganingizni qiling. Istagancha urish, so‘kish mumkin. Biz mushuk yoki it emasmiz. Nega indamasligimiz kerak? Urishsa, ursa ham chidashimiz kerak. 16-17 yoshda edik. O‘sha tanishuv agentligiga boradigan qizlar juda ko‘p. 100lab qizlar boradi u yerga, bu degani kelajakda shuncha qiz qurbon bo‘ladi menga o‘xshab”, deydi u.

Qiz ikki millat vakillarining turmush qurish jarayonida yuzaga keladigan xavfli holatlar, iqtisodiy va huquqiy majburiyatlar, ayrim hollarda zo‘ravonlik va majburiy mehnatga olib kelayotganini aytib, ogohlantirgan.

 Qizning aytishicha, kompaniya rahbari o‘zbek qizlari ro‘zg‘or ishlarini o‘zlari qilishi, kamxarjligini aytib, kuyovlarga ko‘p pul sarflamaslikni maslahat bergan. 16/17 yoshli qizlarni soddaligidan foydalanib, 40-50 va undan yuqori yoshdagi koreyslar bilan turmush qurishga undagan.

Ammo tanganing 2 tarafi – Koreyadagi tanishuv agentliklaridan birining rahbari ham o‘z iddaolarni aytgan. Videoning sarlavhasi e’tiborni tortadi: “Namanganlik ayollardan ehtiyot bo‘ling”. Videoda esa o‘zbek ayollari sha’niga nomaqbul fikrlar ham yangragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqobatchi agentlik bilan konkurensiya tufayli Namangandagi qizlarning narxi qimmatlashib ketgan.

“O‘zbek-koreys nikohlari 20 yillar avval boshlangan edi. Ular asosan namanganlik qizlar bo‘lar edi. Bora-bora namanganlik kelinlar ko‘paydi, ya’ni bir biri orqali tanishib. Shu bilan o‘rtada turadigan kompaniyalar ham yolg‘on aralashtira boshlashdi. Namanganlik qizlar arzon edi. 30 mln (21.000$) vonga sotib olsa bo‘ladigan qizlar Namangandagi raqobatchi agentliklar tufayli qimmatga 50 mln von (36.000$)ga pullana boshladi. Ular paydo bo‘lganidan keyin mahr juda oshib ketdi. Shuning uchun namangandagi qiz topib beradigan ayollardan juda ehtiyot bo‘linglar.

Qizlar orasida ham ajrashib boshqa koreysga tegadiganlar ko‘payib ketdi. Bir marta koreys bilan yashab ajrashdimi – demak u koreys bilan yasholmaydi. Keyin yana koreysga tegyaptimi – bundan bir manfaat ko‘zlanadi, viza yoki boshqa masalada.

Ajrashgandan keyin, albatta, koreys erkakni ayblashadi. Aslida 2 tomonning ham aybi bo‘lishi mumkin. Xorijlik qizlarga aldanib qolayotgan koreys erkaklari ham ko‘p”.

Ko‘rinib turibdiki, bugun bu xalqaro nikoh yirik sanoatga aylangan va uning o‘z klanlari bor. Koreyada juda ko‘p xalqaro nikoh agentliklari faoliyat yuritadi. Bu soha O‘zbekistonda qonuniy bo‘lmasa-da, yashirin ravishda ishlaydigan “ofislar”da o‘zbek qizlarining anketalari sotiladi. Kuyovlar esa xuddi bozorda mahsulot tanlagan kabi ularni tekshirib, chertib olishadi. Kelin bo‘layotganlar orasida 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qizlarning anketalari bor. Kuyov kelishidan oldin qizlarga u haqida ma’lumot beriladi. Ma’lumotlarga qaraganda bunday ofislar respublikamizning barcha viloyatlarida bor.

Hozircha faqat koreyalik kuyovlar va ularga xizmat qiluvchi agentliklar haqida gapirildi. Ammo talabga taklif bilan javob berayotgan O‘zbekistondagi norasmiy tanishuv agentliklari-chi? Ularni bir millat o‘laroq qizlarning taqdiri nega qiziqtirmaydi?

Ularning ko‘pchiligi til o‘rgatish va Koreyaga ishga jo‘natish, viza olishni o‘rgatish niqobi ostida faoliyat yuritishadi. Ularga mijoz sifatida bog‘lanib, anketa to‘ldirishimiz kerakligini bildik. Anketada qizlarning yoshi, tana rangidagi dog‘largacha aniqlik kiritilishi kerak.

Albatta, qaysi millat vakili bilan turmush qurish — har kimning shaxsiy tanlovi. Ammo bu qaror ortidagi mas’uliyat ham juda katta. Bugungi ko‘rsatuvimizda guvohi bo‘lganimiz: bir paytlar “baxt” deb o‘ylangan qarorlar ko‘p holatda og‘riqli hayotiy sinovlarga aylanmoqda.

O‘zga yurtda turmush qurgan ayollarning ko‘pchiligi mahalliy huquqiy tizimni va zo‘ravonlik holatida himoya so‘rashni bilmaydi. Bunday hikoyalar soni ortgan sari jamiyatda “xorijga turmushga chiqqanlar”ga nisbatan nafrat, tanqid va kamsitish kuchayadi.

Mavzuga oid