16-17 yoshli o‘zbek qizlari 40-50 yoshli erkaklarga nega turmushga chiqishyapti? Ayrimlari hali tegmasdan turib har oy 500 dollardan olishadi… lekin buni baxt emas, narx deyish mumkin. Tashqaridan romantika, ichkarida esa odam savdosiga teng hayot. O‘zbek qizlari nimaning evaziga Koreyaga ketyapti? Va nima uchun ularning 95 foizi bu qaroridan pushaymon?

Yaqinda koreyalik bloger taxminan 20 yoshli o‘zbek qizi va 50 yoshlar atrofidagi koreys kuyovning to‘yidan tayyorlagan videoreportajini “Koreyaga erga tegish uchun navbatda turishibdi” sarlavhasi ostida YouTube’ga joyladi. Videoda qizlar o‘zlari unashtirilgan koreys kuyovlar har oyda ularga 500 dollardan pul yuborib turishi, koreys erlar esa mehribon va mas’uliyatli ekani ta’kidlanadi.

Bu kabi targ‘ibot videolar, qizlarni “xorijlik erga tegayotgan baxtli inson” sifatida ko‘rsatilishi boshqalarda ham shunday hayotga havas uyg‘otadi. Koreyaga kelin bo‘lish havasi ortidagi haqiqatlar sizni hayratga solishi aniq.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Koreyaga kelin bo‘lganlar orasida Vetnam, Xitoy va Tailand fuqarolari ko‘p, Markaziy Osiyodan esa eng ko‘p kelinlar O‘zbekistondan borishgan. Mamlakat demografiyasini hisobga olgan holda ko‘p holatlarda bu nikohlar mahalliy hokimiyat tomonidan subsidiyalanadi. Masalan, Janubiy Koreyaning qishloq xo‘jaligi va baliqchilik bilan shug‘ullanadigan 35 ta mintaqasida mahalliy erkaklarga xorijlik xotin olish uchun bir necha million von yordam puli berilgan. O‘zbek qizlari eng qimmat kelinlardan hisoblanadi: ular uchun o‘rtacha 18,3 mln von (16 700 $) ajratiladi. Xo‘sh, ular nega aynan o‘zbek qizlarini tanlashadi? Chunki o‘zbek qizlari chiroyli va mehnatkash deya e’tirof etiladi. Yuqoridagi narx hozir yanada oshgan, qizlarning yoshi, salomatligi, bilimi, ko‘rinishiga qarab ayni paytda 25-35 ming dollardan to‘lashadi. Bu pulning katta qismini esa ularni topib bergan o‘rtakash kompaniyalar oladi. Qizlarning xorijdagi hayot orzusi shu tariqa pullanadi. Ismi sir qolishini so‘ragan, Koreyaga turmushga chiqqan vatandoshimiz bu qizlarning 95 foizi qattiq pushaymonda ekanini aytdi.

“Koreyaga turmushga chiqib kelgan 95 foiz qizlar ajrashgan, hali birortasini ko‘rmadim koreys bilan baxtli-taxtli bo‘lib yashab ketganini. Bo‘lsa 5 foiz bo‘lishi mumkin bunaqalar. Juda yomon taqdirlar ham bor, pishiqqina qizlar ham bor. Tilni bilishi kerak, albatta.

Men koreys tilini judayam yaxshi o‘qiganman, shuning uchun Koreyada tilni, qonunni bilganim uchun vaziyatdan chiqib ketganman. Mendayam yaxshi bo‘lmagan, qiynalganman. Bitta farzandim bor, uni olib chiqib ketganman, qonuniy ajrashganman. Turmushga chiqib xato qilganman deb tan olaman.