Jahon | 12:03 / 19.08.2025
4735
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya ham, Ukraina ham yon berishi kerak bo‘ladi – Rubio

AQSh davlat kotibining ta’kidlashicha, urush qanday shartlar asosida tugashini Ukraina va Rossiya hal qiladi, ammo ikkalasi ham yon berishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Fox News

Ukraina ham, Rossiya ham tinchlik bitimi tuzish uchun yon berishiga to‘g‘ri keladi, dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio Oq uyda Donald Tramp, Volodimir Zelenskiy va Yevropa davlatlari yetakchilarining uchrashuvidan so‘ng Fox News telekanaliga.

Urush yoki har qanday mojaroni tugatishga qaratilgan har qanday muzokaralarda har ikki tomon nafaqat olishi, balki berishi ham kerak, deb ta’kidladi Rubio.

«Har bir tomon biroz yon berishiga to‘g‘ri keladi. Va, shubhasiz, yer masalasi yoki bu chegaralarni qayerga o‘tkazishingiz - urush qayerda tugashi - bu suhbatning bir qismi bo‘ladi», dedi u.

«Aslida, tomonlarning hech biri bu yerda 100 foizga ega bo‘lmaydi», deb ta’kidladi Rubio va bu «oson emas», ehtimol «adolatsiz» ekanini, ammo faqat shu yo‘l bilan urushga chek qo‘yish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

AQSh davlat kotibining ta’kidlashicha, urush qanday shartlar asosida tugashini Ukraina va Rossiya hal qiladi, Qo‘shma Shtatlarning roli esa muhokamani imkonli qilish va «har ikki tomon ham muzokara o‘tkazayotganiga ishonch hosil qilish»dan iborat.

AQSh prezidenti Donald Tramp 18 avgust oqshomida Oq uyda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan uchrashdi. 15 avgust kuni Tramp Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi.

Trampning Putin bilan ham, Zelenskiy bilan ham muzokaralari tafsilotlari rasman ma’lum qilinmagan. Amerika matbuotiga ko‘ra, Putin Ukraina butun Donbassni, jumladan, Kiyev nazoratidagi hududlarni Rossiyaga topshirishi kerakligini aytgan. Ukraina prezidenti avval bir necha bor mamlakatning biror qismidan voz kechish mumkin emasligini aytgan edi.

Oq uydagi uchrashuvdan so‘ng Tramp Putinning Zelenskiy bilan uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid