Jahon | 09:37 / 20.08.2025
4355
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukrainadagi urushni tugatsa, jannatga tushishi mumkinligini aytdi

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, u jannatga kirishga umid qilmoqda, garchi «bu joyga loyiq bo‘lishni unchalik yaxshi uddalay olmayapti».

Foto: CBS News

AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida o‘limidan so‘ng jannatga kirishni istayotganini va bunga Ukrainadagi urushni tugatish borasidagi sa’y-harakatlari yordam berishiga umid qilishini aytdi.

«Men bu urushning tugashini istayman. U yerda amerikalik askarlar halok bo‘lmayapti, asosan ruslar va ukrainlar jabr ko‘rmoqda. Agar men har hafta 7 ming kishining halok bo‘lmasligiga erishsam, ajoyib bo‘ladi», dedi u.

Tramp so‘zlariga ko‘ra, u jannatga kirishga umid qilmoqda, garchi «bu joyga loyiq bo‘lishni unchalik yaxshi uddalay olmayapti».

«Ammo baribir jannatga kirishga erishsam, aynan shu [Ukrainadagi urushni tugatish] buning sabablaridan biri bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi Tramp.

Shuningdek, u avvalroq Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyatning avj olishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini eslatdi.

«O‘ylaymanki, men o‘sha vaziyatda ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qoldim. Ular allaqachon urushga tayyorgarlik ko‘rgan, samolyotlarni urib tushirgan va agar voqealar rivojiga yo‘l qo‘ysam, bu yadroviy mojaroga aylanishi mumkin edi. Men har ikki tomon bilan muzokara olib bordim va jangovar harakatlar davom etar ekan, ular bilan savdo shartnomalarini imzolamasligimni aytdim. Men ularga qo‘ng‘iroq qildim va tinchlikka erishildi», deb ta’kidladi Amerika prezidenti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid