Jahon | 16:15 / 21.08.2025
8425
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident Tramp aslida nechta urushni to‘xtatgan?

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga chek qo‘yishga urinayotgan Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri tinchlik muzokaralarida erishgan muvaffaqiyatlari haqida maqtanib gapirmoqda.

Foto: BBC Verify

Dushanba kuni Oq uyda Yevropa yetakchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuv vaqtida undan otashkesimga erishishni so‘rashganida, u shunday javob qaytardi: «Men oltita urushga chek qo‘ydim... bu kelishuvlarning barchasini „otashkesim“ so‘zini tilga olmasdan ham amalga oshirdim».

Keyingi kuni esa Tramp o‘zi yakunlashga muvaffaq bo‘lgan urushlar soni yettita ekanini aytdi.

Oq uy ma’muriyatidagilar unga tinchlik uchun Nobel mukofotini berish vaqti allaqachon kelganini bildirib, go‘yoki u yakunlagan «urushlar»ni sanab o‘tdi.

Ularning ba’zilari uzoq yillik keskin munosabatlar natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, faqat bir necha kun davom etgan, tuzilgan kelishuvlarning ayrimlariga qancha vaqt amal qilinishi esa noma’lum.

Tramp, shuningdek, o‘zining Truth Social ijtimoiy platformasidagi postlarida «otashkesim» so‘zini bir necha bor ishlatgan.

BBC Verify yuqorida aytib o‘tilgan mojarolarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi va ularni to‘xtatishda AQShning amaldagi prezidentining hissasi qanchalik ekanini aniqlashga harakat qildi.

Isroil va Eron

12 kunlik harbiy harakatlar 13 iyun kuni, Isroil Erondagi nishonlar bo‘ylab zarba yo‘llaganida boshlangandi.

Tramp bosh vazir Binyamin Netanyahu kampaniya boshlanayotgani haqida oldindan xabardor qilganini aytgan.

AQSh ham Erondagi yadroviy obektlar bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Ko‘pchilik bu qaror harbiy harakatlarni to‘xtatilishini yaqinlashtirishga yordam berdi deb hisoblaydi.

23 iyun kuni Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «Rasman Eron otashkesimni boshladi, 12 soat o‘tib Isroil ham otashkesimga amal qila boshlaydi va 24 soat o‘tib butun dunyo 12 kunlik urush rasman yakunlanganini olqishlaydi».

Harbiy harakatlar tugagach, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy o‘z mamlakati «hal qiluvchi g‘alaba»ga erishganini aytdi, o‘t ochishni to‘xtatish haqida esa gapirmadi.

O‘shandan beri Isroil yangi tahdidlarga javoban Eronga yangi zarba berishi mumkinligini bildirib kelmoqda.

«Doimiy tinchlik yoki kelgusida Eron yadro dasturini qanday nazorat qilish bo‘yicha kelishuvlar yo‘q. Shu tariqa, fakt bo‘yicha bizda urush tugashidan ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bor, lekin men Trampning xizmatini e’tirof qilgan bo‘lardim, chunki Isroilning Eronni AQSh yordamida zaiflashtirishi strategik ahamiyatga ega», – deydi Brookings Institution tahlil markazi katta ilmiy xodimi Maykl O'Henlon.

12 kun davom etgan mojaro davomida Eronda ham, Isroilda ham obektlar zarar ko‘rdi (suratda  Tehrondagi Isroil zarbalariga uchragan bino vayronalari orasida eronliklar, 2025 yil 16 avgust)

Pokiston va Hindiston

Ushbu ikki yadroviy davlat munosabatlaridagi keskinlik o‘nlab yillardan beri mavjud, ammo may oyida Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida amalga oshirilgan teraktdan keyin harbiy harakatlar qayta boshlandi.

To‘rt kunlik o‘zaro zarbalar almashinuvidan so‘ng Tramp Hindiston va Pokiston «TO‘LIQ VA ZUDLIK BILAN O‘T OChIShNI TO‘XTATISh»ga rozi bo‘lgani haqida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «AQSh vositachiligidagi tun bo‘yi davom etgan muzokaralar» natijasi bo‘lgan.

Pokiston Trampga minnatdorchilik bildirdi va keyinchalik uni «qat’iy diplomatik aralashuvi» uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qildi.

Hindiston esa AQShning ta’sirini ancha vazminlik bilan baholadi. «Harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bevosita Hindiston va Pokiston o‘rtasida ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasida o‘rnatilgan mavjud kanallar orqali olib borildi», – dedi Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri.

Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi

Bu ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik dushmanlik munosabatlari yil boshida M23 isyonchi guruhi KDR sharqidagi foydali qazilmalarga boy hududlarni egallab olganidan keyin qurolli qarama-qarshilikka aylandi.

Iyun oyida ikki davlat delegatsiyalari Vashingtonda ko‘p yillik mojaroni to‘xtatishga qaratilgan tinchlik shartnomasini imzoladi. Tramp kelishuv ushbu davlatlarning AQSh bilan savdo hajmini oshirishiga yordam berishini aytib o‘tdi.

Kelishuv matnida 2024 yil avgust oyida Ruanda va KDR tomonidan kelishilgan «o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilish» haqida chaqiriq mavjud.

M23 isyonchilari Ruanda bilan aloqador ekani aytiladi

Lekin shartnomadan keyin ham ikkala tomon bir-birini sulhni buzishda aybladi, M23 isyonchilari (Buyuk Britaniya va AQSh ularni Ruanda bilan bog‘laydi) esa tinchlik muzokaralaridan chiqib ketish bilan tahdid qilishdi.

«Kongo va Ruanda o‘rtasidagi janglar davom etmoqda, shuning uchun sulh kuchga kirmadi», – deydi Oksford universitetida dars bergan tarix professori Margaret Makmillan.

Tailand va Kambodja

26 iyul kuni Tramp Truth Social’da shunday deb yozdi: «Men hozir Tailand bosh vaziri vazifasini bajaruvchiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘t ochishni to‘xtatish va hozir avj olayotgan urushni to‘xtatishni so‘rayman».

Ikki kun o‘tib, chegaradagi bir necha kunlik janglardan so‘ng, ikkala davlat ham «zudlik bilan va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish»ga rozi bo‘ldi.

Tinchlik muzokaralari Malayziyada bo‘lib o‘tdi, biroq prezident Tramp Tailand va Kambodja bilan boshqa muzokaralarni to‘xtatish bilan tahdid qildi - agar bu ikki davlat jangovar harakatlarni to‘xtatmasa, Amerika bojlarini pasaytiradi.

Tailand ham, Kambodja ham asosan AQShga eksportga bog‘liq.

7 avgust kuni ular o‘rtasida umumiy chegaradagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan kelishuvga erishildi.

Tinchlik muzokaralari Malayziyada bo‘lib o‘tdi, prezident Tramp esa agar harbiy harakatlarni to‘xtatmaydigan bo‘lishsa, Tailand va Kambodja bilan Amerika bojlarini kamaytirish haqidagi boshqa muzokaralarni to‘xtatish bilan tahdid qildi.

Tailand ham, Kambodja ham asosan AQShga eksportga bog‘liq davlatlar sanaladi.

7 avgust kuni ular o‘rtasida umumiy chegaradagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan kelishuvga erishildi.

Armaniston va Ozarboyjon

Ikki davlat rahbarlari Tramp Oq uyda 8 avgust kuni e’lon qilingan tinchlik kelishuviga erishish borasidagi sa’y-harakatlari uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishi kerakligini aytishdi: Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida mamlakatlar o‘rtasidagi tinchlik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagandi.

«Menimcha, u yuqori bahoga loyiq – Oval kabinetdagi imzolash marosimi tomonlarni tinchlikka undadi», – deydi O'Henlon.

Mart oyida ikki davlat hukumatlari Qorabog‘ maqomi bilan bog‘liq qariyb 40 yillik mojaroga barham berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

So‘nggi jiddiy harbiy harakatlar 2023 yil sentabr oyida, Ozarboyjon etnik armanlar yashaydigan anklavni egallab olganida sodir ro‘y bergandi.

Avgust oyida Tramp Oq uyda Ozarboyjon prezidenti va Armaniston bosh vazirini qabul qildi.

Misr va Efiopiya

U yerda aslida Tramp to‘xtatishi kerak bo‘lgan «urush»ning o‘zi bo‘lmagan, ammo Nil to‘g‘oni tufayli mamlakatlar o‘rtasida uzoq vaqtdan beri keskin munosabatlar saqlanib kelmoqda.

Bu yil yozda Efiopiyada «Buyuk Efiopiya uyg‘onish to‘g‘oni» qurilishi yakunlandi va Misr bu Nildan oladigan suv hajmiga ta’sir qilishi mumkinligini bildirdi.

29 iyun kuni 12 yillik kelishmovchiliklardan so‘ng Misr tashqi ishlar vaziri Efiopiya bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytdi.

Tramp bu borada shunday dedi: «Misrning o‘rnida men ham Nildan suv olishni xohlagan bo‘lardim». U AQSh bu masalani juda tez hal qilishiga va’da berdi.

Misr Trampning so‘zlarini olqishladi, ammo Efiopiya rasmiylari bu bayonot faqat keskinlikni kuchaytirishini aytdi.

Misr va Efiopiya o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish bo‘yicha rasmiy kelishuvga erishilmagan.

Serbiya va Kosovo

27 iyun kuni Tramp ushbu davlatlar o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanishining oldini olganini aytib, shunday dedi: «Serbiya va Kosovo mojaroga kirishmoqchi edi, bu katta urushga aylanib ketishi mumkin edi. Men „Mojaroga kirishsangiz, Qo‘shma Shtatlar bilan savdo bo‘lmaydi“ dedim. Ular: „Ehtimol, biz bungacha bormasmiz“ deyishdi».

Ikki davlat uzoq vaqtdan beri mojaroli holatda (1990-yillardagi Bolqon urushlaridan meros) va so‘nggi yillarda munosabatlarda keskinlik kuchaydi.

«Serbiya va Kosovo urushmagan va bir-birini o‘qqa tutmagan, shuning uchun bu to‘xtatilishi kerak bo‘lgan urush emas», – deydi professor Makmillan.

Oq uy ommaga Trampning birinchi muddatdagi diplomatik sa’y-harakatlarini ko‘rsatdi: 2020 yilda Oval kabinetda AQSh prezidenti huzurida bu ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan, ammo o‘sha paytda ham ular urush holatida emas edi.

Mavzuga oid