Jahon | 07:37 / 22.08.2025
10963
2 daqiqa o‘qiladi

Mozori Sharifda Navoiy yodgorligini qayta tiklash boshlandi

Avvalroq, Afg‘onistondagi Navoiy haykali va yodgorligi butunlay vayron qilingan, «Tolibon» hukumati buni «yanada ko‘rkam majmua qurilishi» bilan izohlagan edi.

Foto: Dunyo

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligini qayta tiklash va obodonlashtirish loyihasiga tamal toshi qo‘yildi, deb xabar berdi «Dunyo».

Shahar hokimi Abdurahmon Himmat so‘zlariga ko‘ra, shaharning Muxobirot chorrahasida joylashgan, Navoiyning «ancha xarob va ko‘rimsiz holga kelib qolgan yodgorligini qayta tiklash» bo‘yicha qaror qabul qilingan.

«Yangidan barpo etiladigan majmua uchun katta yer maydoni ajratildi, unda Navoiyning tarjimai holi, hayot yo‘li, davlat arbobi sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari aks ettirilgan lavha o‘zbek, ingliz, doriy va pushtu tillarida o‘rnatiladi, shuningdek, kutubxona tashkil etiladi», dedi hokim.

Yodgorlik qurilishi shahar hokimligi budjetidan moliyalashtiriladi va bir oy muddatda tugatiladi. Yodgorlik uchun matnlarni tayyorlashda Termiz davlat universiteti yordam berishi qo‘shimcha qilindi.

Avvalroq Navoiy haykali va yodgorligi butunlay vayron qilingani, shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu haqda Afg‘oniston hukumatidan izoh so‘ragani haqida xabar berilgan edi. «Tolibon» bu ishlar hukumat bilan kelishilmaganini va Navoiy haykali o‘rnatilgan joy «buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi», shoir va mutafakkir uchun «yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi» bois mahalliy hokimiyat tomonidan «olib tashlanganini» ma’lum qildi.

Mavzuga oid