O‘zbekiston | 18:39 / 22.08.2025
10194
2 daqiqa o‘qiladi

Paxtakor tumaniga hokim tayinlandi

Tumanning oldingi rahbari Asilbek Ashurov Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga o‘tkazilgandi.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Jizzax viloyati Paxtakor tumaniga Husan Abduvohidov hokim etib tayinlandi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 22 avgust kuni Paxtakor tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Viloyat hokimi Paxtakor tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod Abduvohidov Husan Bo‘ltakovichni deputatlarga tanishtirdi.

Viloyat hokimining Husan Abduvohidovni Paxtakor tumani hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Husan Abduvohidov yangi lavozimga tayinlangunga qadar 2023 yildan buyon BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihada moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlab kelgan.

Avvalroq Paxtakor tumani hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Asilbek Ashurov Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid