O‘zbekiston | 14:18 / 25.08.2025
2283
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston Orolbo‘yida qo‘shma dasturlarni amalga oshiradi

Mamlakat elchisi Baxtiyor Ibragimov Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova bilan uchrashdi.

Foto: Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi

Muloqot chog‘ida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan Orolbo‘yi aholisi salomatligiga ta’sir etuvchi ekologik omillarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shma dasturlar muhokama qilindi.

Jumladan, Orolbo‘yi mintaqasi uchun profilaktika va salomatlikni yaxshilashga qaratilgan qo‘shma dastur doirasida 2026 yil aprel oyida Ostonada o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqaviy ekologik sammitga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, mazkur tuzilma vakillarining shu yil 15-16 sentabr kunlari Qoraqalpog‘istonga bo‘lib o‘tadigan amaliy safari doirasida yangi loyihani boshlash va uch tomonlama bitimni imzolash yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, tomonlar Nukus shahrida diagnostik laboratoriyalar tarmog‘ini yaratish va uni qozog‘istonlik salohiyatli kompaniya boshqaruviga berish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston prezidentining 2024 yil avgust oyida Ostonaga qilgan tashrifi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan "yo‘l xaritasi"ga kiritilgan loyihalarning amaliy ijrosi ko‘rib chiqildi.

Muloqot yakunida Sanitariya-epidemiologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning yangilangan tahririni tezkor kelishish va imzolashga tayyorlash va boshqalar to‘g‘risida kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid