Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Soxta kosmetologlar va sifati kafolatlanmagan muolajalardan ogoh bo‘ling” – SSV
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va go‘zallik salonlarida manikyur, pedikyur kabi estetik xizmatlar bilan birga tibbiy kosmetologiya muolajalari, xususan, terini piling qilish, yog‘ oldirish, lazerli epilyatsiya, botoks va mezoterapiya kabi protseduralar haqidagi e’lonlar ham ko‘paymoqda. Mazkur muolajalardan keyin ayrim hollarda noxush asoratlar qolyapti. SSVning ma’lum qilishicha, bu kabi holatlarning aksariyatiga litsenziya va tibbiy diplomga ega bo‘lmagan kosmetologlar xizmati sabab bo‘lmoqda.
Foto: Midjourney
Tibbiy kosmetologiya muolajalari — shifokor tomonidan o‘tkaziladigan, litsenziyalanadigan faoliyat turi. Shunga qaramay, ba’zi go‘zallik salonlari va xususiy klinikalarda hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni ko‘rsatish holatlari kundan kunga ko‘payib boryapti.
Tahlillarga ko‘ra, hozir yurtimizda 147 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olgan. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich – Toshkent shahrida, ya’ni 94 tani tashkil etadi. Ular safiga oddiy go‘zallik salonlari hamda tibbiyot tashkiloti maqomiga ega bo‘lmagan kosmetologiya muassasalarini ham qo‘shib hisoblansa, bu miqdor yanada ortadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlanishicha, tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatida muolajalardan keyingi noxush holatlar uchramagan. Huquq-tartibot idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar asosan litsenziya va diplomsiz faoliyat yuritayotgan kosmetologlar xizmati bilan bog‘liq. Aslida bu yo‘nalishda litsenziyasiz ishlash tushunchasi sertifikatlanmagan mahsulot va tibbiy anjomlarni qo‘llash, fiziologiya hamda anatomiya asoslarini bilmaslikni anglatadi.
“Oddiy go‘zallik salonlari yoki tibbiyot tashkiloti hisoblanmaydigan turli kosmetologiya markazlarida tegishli ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar tibbiy kosmetologiya bilan shug‘ullanayotgani bu muammolarning bosh omilidir”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug‘bek Sabirov.
Xabarda ta’kidlanishicha, ular tegishli hujjatlar asosida kosmetologiya xizmatini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat olib borayotgan fuqarolar hisoblanadi.
“Ushbu kosmetologlar shifokor bo‘lmaganliklari uchun ularning faoliyatini nazorat qilish sog‘liqni saqlash organlarining vakolatida emas. Shu bois, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘ridagi nizom” va uni tasdiqlash haqidagi buyruq ishlab chiqilgan. Bu hujjat asosida davlat tibbiyot muassasalari tomonidan alohida tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi hamda shifokor-kosmetologlarga qo‘yilgan talablar belgilangan”, - deyiladi xabarda.
Tibbiy kosmetologik xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lgan fuqarolarga tegishli davlat tibbiyot muassasasi yoki shu ixtisoslik bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya olgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Mavzuga oid
12:05 / 09.08.2025
Inson sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan holatlarda tekshiruvni xabardor qilish tartibida amalga oshirish mumkin – biznes ombudsman
13:20 / 03.08.2025
“Operatsiyalarni tibbiy ma’lumotsiz “mutaxassislar” qilyapti” – O‘zbekistonda kosmetologiya nega nazoratsiz?
22:33 / 17.07.2025
“Yoshartiruvchi muolaja” - vaqtinchalik taskin: teri salomatligi aslida nimaga bog‘liq?
15:43 / 20.01.2025