Jahon | 15:46 / 26.08.2025
2934
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Ukraina Rossiya bilan tinchlik muzokaralari masalasi bo‘yicha uchrashadi

Zelenskiyning aytishicha, Ukraina va AQSh delegatsiyalari 31 avgustgacha uchrashib, Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik muzokaralarini muhokama qiladi. Ukraina prezidenti Kiyevda Trampning maxsus vakili Kellog bilan ham uchrashish niyatida.

Foto: Reuters

Ukraina va Qo‘shma Shtatlar delegatsiyalari shu hafta oxirida, ya’ni 31 avgustgacha Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralari mavzulari va masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 avgust, dushanba kuni Kiyevda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, u Kiyevga tashrif buyurgan AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellog bilan «Rossiya tomoni bilan bo‘lajak uchrashuvga keyingi tayyorgarlik ko‘rish maqsadida» uchrashmoqchi. Avvalroq, mamlakat Mustaqilligining 34 yilligini nishonlash marosimida Kellog 1-darajali "Xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlangan edi.

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «hafta davomida ish ko‘p bo‘ladi». U matbuot anjumanida ma’lum qilganidek, bir kun avval prezident devoni rahbari Andrey Yermak AQSh davlat kotibi Marko Rubio va «boshqa hamkorlar» bilan muloqot qilgan va tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga G7 tashqi ishlar vazirlarining onlayn uchrashuvida ishtirok etgan. Bundan tashqari, Zelenskiy «milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar» uchrashuvi 27 avgustga rejalashtirilganini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid