Jahon | 07:52 / 27.08.2025
1802
1 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada AQSh fuqarosi Xitoy foydasiga josuslikda ayblandi

AQSh fuqarosi Germaniyadagi AQSh harbiy bazasida ishlagan va 2024 yilda Xitoy hukumatiga AQSh harbiylariga tegishli maxfiy ma’lumotlarni taqdim etgan, deya xabar beradi Karlsruedagi idora.

Foto: Alexander Koerner / Getty Images

Germaniya federal prokuraturasi AQSh fuqarosi Martin D.ga qarshi josuslikda ayblov qo‘ydi. Erkakni xorijiy razvedka xizmati agenti sifatida ishlaganlikda gumon qilish uchun yetarli asoslar bor, deb xabar berdi Karlsruedagi idora.

2017 yildan 2023 yilning bahorigacha Martin D. AQSh Mudofaa vazirligining fuqarolik pudratchisida ishlagan. Nemis rasmiylariga ko‘ra, erkak 2020 yildan beri Germaniyadagi AQSh harbiy bazasida mehnat qilgan. 2024 yil yozida ayblanuvchi Xitoy davlat idoralari bilan bir necha bor bog‘lanib, AQSh harbiylariga oid maxfiy ma’lumotlarni Xitoy razvedkasiga yetkazishni taklif qilgan, deya ma’lumot berildi.

Martin D. 2024 yil 7 noyabrdan beri hibsga olish orderi asosida qamoqda saqlanmoqda. Xabar e’lon qilingan paytda AQSh va Xitoy rasmiylari nemis tomoni qo‘ygan ayblovlarga izoh bermadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid