O‘zbekiston | 12:00 / 27.08.2025
2384
3 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi takomillashtiriladi

Prezident qarori bilan prezidentning ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Asosiy vazifalari:

  • oxirgi besh yil davomida kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan"qizil" toifaga kiritilgan mahallalarda joriy yil yakuniga qadar alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlarni o‘tkazish orqali xavfsiz muhitni yaratish;
  • ko‘rsatilgan mahallalarni sun’iy intellektda ishlovchi maxsus dasturiy ta’minotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish;
  • joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qo‘riqlash qamrovini 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini esa 60 foizga yetkazish;
  • kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda manzilli tadbirlarning natijadorligini ta’minlashda mahalliy hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlar, ta’lim va ilmiy muassasalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish.

Hujjat bilan prezidentning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

  • oxirgi besh yil davomida kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan "qizil" toifaga kiritilgan mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli ishlash konsepsiyani tasdiqlash;
  • "namunali xavfsiz ko‘cha" va "namunali xavfsiz uy" loyihalariga qo‘yiladigan namunaviy talablarni tasdiqlash;
  • yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida IIV akademiyasida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish hamda bakalavriat dasturi bo‘yicha qabul kvotalarini bosqichma-bosqich oshirish.

Xususan, prezidentning "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida barcha tuman (shahar) hokimlariga hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga muayyan mahallalar biriktirilishi belgilangan.

Prezidentning "Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori quyidagilar bilan to‘ldirildi:

  • "Bir million dasturchi" loyihasi doirasida dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan va bitiruvchi sertifikatini olgan, akademiyaning "Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati" ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirayotgan nomzodlarga matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. Eng yuqori ball to‘plagan 5 nafar nomzod ushbu yo‘nalishning ikkinchi bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid