Iqtisodiyot | 15:13 / 27.08.2025
5792
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagrosug‘urta”ni sotib olishga 4 ta investor qiziqish bildirdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi iyul oyida “O‘zagrosug‘urta” AJning 99,35 foiz ulushi ommaviy savdolarga chiqarilganini ma’lum qilgandi. Belgilangan muddatda kompaniyani sotib olishga 4 investor qiziqish bildirgan.

Foto: Yandex-xaritalar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2025 yilning 10 iyulida “O‘zagrosug‘urta” AJ ustav kapitalidagi 99,35 foiz davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayonlarini boshlagandi. Xususiylashtirish jarayonlariga Deloitte xalqaro kompaniyasi maslahatchi etib tanlangan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, belgilangan muddat – 2025 yil 22 avgustga qadar kompaniyani sotib olishga 4 ta investor qiziqish bildirgan.

Konsultant arizalarni belgilangan mezonlar – moliyaviy imkoniyatlarning yetarliligi, huquqiy to‘siqlar mavjud emasligi, jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya qilish holati, Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlari sanksiyalari ro‘yxatlariga kiritilmaganligi va davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligiga ko‘ra ko‘rib chiqqan.

Agentlik savdolarning keyingi bosqichiga start berdi – talabgorlar majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi.

Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirgan barcha talabgorlar axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitimni imzolashlari talab etiladi. Bundan tashqari, konsultant tomonidan tayyorlangan aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyatiga oid ma’lumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylashtirilgan virtual ma’lumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Talabgorlar ushbu muddatga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali o‘z qat’iy narx takliflari qiymatining kamida 1 foizini kafolatli to‘lov (Security payment) sifatida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning maxsus hisob raqamiga o‘tkazishi talab etiladi. Kafolat to‘lovi talabgor g‘olib deb topilmagan hollarda qaytariladi; g‘olib deb topilgan taqdirda – sotib olish to‘lovining bir qismi sifatida hisobga olinadi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, “O‘zagrosug‘urta” AJ umumiy sug‘urta sohasining barcha 17 ta klassi bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarga 100 dan ortiq sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya ustav fondi – 108,9 mlrd so‘m. 2024 yil yakuniga ko‘ra, sug‘urta mukofotlari 418,2 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Avvalroq Mobiuz aloqa kompaniyasini sotib olishga 15 investor qiziqish bildirganini ma’lum qilingandi. Bloomberg'ning yozishicha, O‘zbekiston hukumati Mobiuz'ni 300 mln dollarga sotmoqchi.

Mavzuga oid