Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Iste’dodlar uchun urush” – Meta va xAI sun’iy intellekt daholarini talashmoqda
Meta eng yaxshi kadrlarni ushlab qolish uchun 250 mln dollargacha bonuslar taklif qilyapti. xAI esa bu yil Meta'dan kamida 14 nafar sun’iy intellekt muhandisini o‘ziga xos yo‘l bilan “o‘g‘irlagani” aytilyapti.
Foto: AFP
Mark Tsukerbergning Meta kompaniyasi sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi tadqiqotchilarini jamoada olib qolish uchun 250 mln dollargacha bo‘lgan retenshn-bonuslar (kompaniyani tashlab ketmaganlik uchun rag‘batlantirish) taklif qilmoqda.
Shunga qaramay, Yahoo Finance'ning yozishicha, Ilon Maskka qarashli xAI yil boshidan beri Meta'ning SI bo‘limidan 14 nafar muhandisni o‘ziga jalb qilishni uddalagan.
Ilon Mask yaxshi kadrlarni o‘ziga jalb qilishda o‘ziga xos usul qo‘llayapti. U xAI kompaniyasida “giper-meritokratik” muhit shakllantirganini aytadi: bu muhitda yaxshiroq ishlaganlar yaxshiroq maosh va ko‘proq aksiyalar oladi.
Manbaga ko‘ra, xAI'ga o‘tgan muhandislar qizg‘in startap muhitiga tushib qolishadi: eng ilg‘or kadrlardan tarkib topgan jamoa “eng zamonaviy” deb ta’rif beriladigan loyihalar ustida haftasiga 7 kun ishlaydi.
Ilon Mask moddiy manfaatdorlikdan ham ko‘ra, ko‘proq buyuk o‘zgarishlar muallifi bo‘lishga ilhomlantirishga urinmoqda. U katta bonuslardan voz kechib xAI'ga kelayotgan muhandislar oqimini o‘zi tanlagan yondashuvning to‘g‘riliga isbot sifatida ko‘ryapti. Ya’ni uningcha, yetuk kadrlarni ko‘p million dollarlik paketlar emas, “buyuk ish qilish” g‘oyasi ko‘proq o‘ziga jalb qilyapti.
Shu bilan birga, SI tadqiqotchilari migratsiyasi haqida Ilon Mask keltirgan raqamlarni Meta rad etadi. Tsukerberg qo‘l ostidagi kompaniya o‘zining infratuzilmaviy ustunligi va tadqiqotchilarga mustaqillik berishi bilan maqtanadi.
O‘z navbatida, Anthropic bosh direktori Dario Amodei Meta'ning kompensatsiya strategiyasi haqida ogohlantirib, haddan tashqari katta bonuslar jamoa ichida adolatsizlik va “toksik atmosfera” keltirib chiqarishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “maqsadni pulga sotib olib bo‘lmaydi”. Jamoada kimlardir xuddi lotereya yutgandek katta mablag‘ olsa-yu, qolganlar Kremniy vodiysidagi o‘rtacha oylikka ishlasa, bu muhit buzilishiga olib keladi.
Shu tariqa, SI sohasidagi bu iste’dodlar urushi texnologik madaniyatdagi asosiy farqni ko‘rsatdi:
- Meta – darhol moliyaviy barqarorlik va kuchli infratuzilmani taklif qiladi.
- xAI – aksiyalar, chuqur integratsiya va “dunyoni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan narsani noldan qurish imkoniyati”ni va’da qilmoqda.
Mavzuga oid
07:28 / 04.12.2025
Mask: sun’iy intellekt odamlarni iqtisodiy mehnat zaruratidan ozod qiladi
15:49 / 03.12.2025
O‘zbekistonda sun’iy intellekt uchun etik me’yor va qoidalar joriy etiladi
21:13 / 01.12.2025
“Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlar bilan havo sifatini birlamchi baholash mumkin bo‘ladi
10:41 / 01.12.2025