Iqtisodiyot | 18:27 / 28.08.2025
5449
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya benzin eksportiga taqiqni yana uzaytirishga majbur bo‘ldi

1,5 yil oldin joriy etilgan, 1 yildan buyon uzluksiz amal qilib kelayotgan taqiq bu safar 2 oyga uzaytirilib, 31 oktyabrgacha deb belgilandi. Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari ortidan, RFning o‘zida benzin taqchilligi yuzaga kelgan.

Samara viloyatidagi Novokuybishev NQZ dronlar hujumidan keyin yonmoqda.

Rossiya hukumati avtomobil benzini eksportiga joriy etilgan taqiq muddatini yana 2 oyga uzaytirib, 31 oktyabrgacha deb belgiladi.

“2025 yil 1 sentabrdan 30 sentabrgacha taqiq barcha eksportyorlarga: neft mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga ham, ishlab chiqarmaydiganlarga ham tatbiq etiladi. 1 oktyabrdan benzin ishlab chiqaruvchilar uchun cheklovlar bekor qilinadi”, – deyiladi hukumat rasmiy xabarida.

Qaror ichki yoqilg‘i bozoridagi barqaror vaziyatni saqlash maqsadi bilan izohlangan.

Reuters'ning yozishicha, Rossiya Ukraina qurolli kuchlarining hujumlari tufayli neftni qayta ishlash quvvatining kamida 17 foizini yo‘qotgan. Novokuybishev, Saratov, Samara, Volgograd va Sizrandagi neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatgan.

Urush fonida Rossiyaning benzin eksportiga taqiq kiritishi

Rossiyada benzin eksportiga taqiq – Ukraina bilan urushda bir qator neftni qayta ishlash zavodlari hujumga uchrashi ortidan 2024 yil fevral oyida kiritilgan. Bunda YeOII mamlakatlari, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga xalqaro shartnomalar bo‘yicha yetkazib berish istisno etib belgilangan.

Dastlab taqiq 2024 yil 1 martdan 31 avgustgacha amal qilishi ko‘zda tutilgandi, lekin dronlar hujumiga uchragan NQZlar yana to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, ichki bozordagi to‘yinish ortidan may oyiga kelib taqiq yechilgan edi.

Avgust oyiga borib RF hukumati benzin eksportini yana to‘xtatdi va taqiq 2025 yil 28 fevralgacha amal qilishi belgilandi. Keyinchalik bu muddat 2025 yil 31 avgustgacha uzaytirildi. Cheklov bungacha treyderlar va neft bazalariga taalluqli bo‘lgan bo‘lsa, endi neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ham tatbiq etila boshladi.

Kun.uz o‘rganishlariga ko‘ra, oxirgi haftalarda Toshkentdagi AYoQShlarda AI-92 benzini sezilarli qimmatlashgan. Narxlar iyul oyining o‘rtalaridan keyin 7,6 foizgacha oshgan. Shu bilan bir paytda AI-80 narxi ham ko‘tarildi.

Mavzuga oid