Jamiyat | 17:15 / 30.08.2025
12666
5 daqiqa o‘qiladi

Millatni mag‘lub qilgan mayda tashvishlar

Bugun “Besh daqiqa”da katta ilmiy va milliy dramani ko‘rsatib bergan asar haqida gaplashamiz. Abduqayum Yo‘ldoshning “Puankare” hikoyasi – shaxsiy orzular, milliy fojia va ilmga munosabat haqidagi juda ta’sirli asar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hikoya markazida bir olim bor. Uning umri Puankare gipotezasiga bag‘ishlangan. Olimning eski portfeli – ko‘p yillab yig‘ilgan qo‘lyozmalar, formulalar va izlanishlar bilan to‘lgan. Asarda portfel eskirib, ichidagini to‘kib-sochayotgani kabi, olimning ham umri sekin-asta ma’nosini yo‘qotayotgani ko‘rsatiladi.

Puankare gipotezasi dunyo matematikasining eng qiyin muammolaridan biri. Muammo faqat texnik masala emas, asar qahramoni uchun bu umr ma’nosi. Shuning uchun olimning har bir kuni, har bir izlanishi umid va alam o‘rtasida kechadi.

Turmush va ilm o‘rtasidagi ziddiyat

Hikoyaning asosiy voqealari olimning kundalik hayoti atrofida sodir bo‘ladi. Ilm bilan shug‘ullanish o‘rniga u turmush tashvishlari bilan qiynaladi. Qaynonasi, ayolining bosimi, quda-andalarga sovg‘a tayyorlash, uy-joy muammolari, maoshning kamligi va shu kabilar. Institutda esa undan buyuk muammolar yechish emas, balki “foydasi bor” ishlar bilan shug‘ullanish talab qilinadi. “Davlat sizga sarob ortidan yugursin deb maosh to‘lamaydi”, deyishadi unga rahbarlar.

Olimning qalbidagi olov esa so‘nmaydi. U har gal portfelini ochib, eski qog‘ozlarini ko‘rib, yana ilmiy ishga kirishadi. Ammo hayot unga imkon bermaydi. Turmush va ilm o‘rtasidagi ziddiyat uning umrini erib borayotgan shamga aylantiradi.

Bu holat tasodifiy emas. Muallif bizga o‘zbek olimlarining taqdirini ko‘rsatadi. Ilm yo‘lida izlanishga tayyor ko‘plab olimlar tarixda turmush girdobida qolib ketgan. Ular kashfiyotlar ostonasigacha borgan, biroq sharoit yo‘qligi sabab orzular yo‘lining yarmidan qaytishga majbur bo‘lishgan.

Shogird bilan uchrashuv: umid va ogohlantirish

Qahramon hayotida talabaning paydo bo‘lishi – yangi umiddir. Yosh, zukko va ilmga chanqoq bu yigit ustoz ko‘z o‘ngida umidli avlodning ramzi sifatida gavdalanadi. U bilan tanishganda, olim o‘zining yoshlik qiyofasini ko‘rgandek bo‘ladi. Shuning uchun ham: “Agar zukko bir talaba yordam bersa, Puankareni bir haftada yechar edim”, deya xayol qiladi.

Biroq muallif bu yerda og‘ir ironiya qiladi. Ustoz yaxshi anglaydi: muhit o‘zgarmasa, shogird ham uning taqdirini takrorlaydi. Asarda ham shunday. Ilmga berilgan umidli yigit maishiy qiyinchilik, moddiy yetishmovchiliklarga duch keladi. Va eski ssenariy takrorlanishiga ishora qilinadi. Shu jihatdan talaba – bir vaqtning o‘zida umid va ogohlantirish ramzi.

Perelman g‘alabasi va yo‘qotilgan imkoniyat

Asarning eng ta’sirchan nuqtasi – qahramon internetdan xabar o‘qib qolgan payt. Sankt-Peterburgda yashovchi, 41 yoshli Grigoriy Perelman Puankare gipotezasini yechibdi! Bu xabar o‘zbek olimi uchun halokatli zarba bo‘ladi.

Mashhur xalqaro jurnal bu ishni “yil kashfiyoti” deb e’lon qiladi. Perelman xalqaro “Filds” medali bilan taqdirlanadi. Shu bilan o‘zbek olimining barcha orzulari, 30 yillik mehnati bir lahzada sarobga aylanadi. Millat yutqazadi.

Qahramon alam bilan baqiradi: “Nega u? Nega men emas?” Chunki u yechimning 99,99 foiziga yetgandi. Faqat birgina parcha qolgan. Agar bir hafta tinimsiz mehnat qilganida, ehtimol, g‘alaba unga nasib qilardi. Afsuski, turmush chigalliklari uning oyog‘idan chaladi. U jamiyat va oilasining injiqliklari sabab mag‘lub bo‘ladi.

Ilmga munosabat – millat taqdiri

Muallif “Puankare” orqali minglab, yuz minglab o‘zbek elitasining qanday qurbon bo‘layotgani, bu millat millat o‘laroq nega yuksala olmayotganiga urg‘u beradi.

Afsuski, hozircha bizda jahonshumul olimlar, nobelchilar yo‘q. Hayot bilan, maishiy muammolar bilan ko‘milib qolganmiz. O‘zimizni yorib chiqa olmayapmiz.

Qadrli kitobxon, “Puankare” hikoyasini albatta o‘qing. Unda siz qancha-qancha iqtidorlarning qanday yo‘q bo‘lib ketayotgani, ommaga singib ketayotgani haqida tafakkur qilasiz.

Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid