– Xudoyim, meni o‘ttiz yil orqaga qaytar, qaytar, Xudoyim...

Ushbu jumlalarni o‘qir ekansiz, har kimning xayoliga o‘zining qalb tubiga cho‘kib qolgan, har zamon jizillab qo‘yadigan og‘riqli armoni kelgani aniq. Hamma insonning o‘z xatosi, armonlari bor. “Vaqt ortga qaytib qolganda edi, falon qilgan bo‘lardim”, degich afsuslari bisyor. Yuqoridagi nido qiluvchi odam Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” asari bosh qahramonidir. Uning erishishga qattiq harakat qilgan, erisholmagach telba bo‘lgan bir orzusi bor edi...

Syujyet:

Asar qahramoni institutni bitirish chog‘larida birdan Puankare gipotezasi shaydosiga aylanadi va fikri-xayoli shu gipotezaning yechimini topish bo‘lib qoladi. Tun-u kun tuz totmay, uxlamay shu masalaga tutunadi. Harakatlari zoye ketmay, yechim yo‘lida ancha oldga siljiydi ham. Ammo oilaning to‘ng‘ich farzandidan tezroq uylanish talab etiladi. Hammasi uylangandan so‘ng boshlanadi...

Qahramonimiz orzu qilib yurgan pari qayergadir uchib, o‘rniga noshukr, qanoatsiz, erini tushunishdan yiroq bo‘lgan ayol kelib qoladi. Yigit endi jamoaviy yotoqxona, ikki dona tuxum, qaynatilgan kartoshkaga qanoat qilib, bemalol masalani yechish bilan shug‘ullanolmasdi. Unga uy olish, ro‘zg‘orni yaxshiroq tebratish, farzandlarining kelajagini ta’minlash, biror biznes boshlash singari talablar ko‘ndalang qo‘yildi.

Hayotning har xil makrlariga, aldashlariga chalg‘igan yigit oradan ancha yillar o‘tib ketganini bilmay qoldi. Bu orada bir qancha biznes boshlashga harakat qildi. Ishi yurishmadi (ilm fan odami edi-da). Endi uning yagona umidi biror shogird topib, birgalikda harakat qilish edi. Shogird topdiyam. U bilan birga harakat qilishga kelishildi, hatto agar uddasidan chiqolsalar, mukofot uchun qo‘yilgan katta miqdordagi puldan ham voz kechadi. Uning uchun endi faqat maqsadga yetish, dunyodan armonsiz o‘tish muhim edi. Shuning uchun ham u yana talabalik yillaridagidek ko‘tarinki kayfiyatda orzular qila boshladi.

Ammo bu ko‘tarinkilik uzoqqa bormadi. Shogirdi birdan uylanadigan bo‘lib qoldi. To‘y o‘tgach ishtiyoq bilan masala yechimiga kirishishga va’da ham berdi. Ammo ustoz bilardiki, uylangach... Ha, mayli. Qo‘lidan nima kelardi. Uylanma deyolmasa...

Kunlarning birida qahramonimiz internetda gipoteza yechimini topishganini ko‘rib qoladi. Uni Sankt-Peterburgda yashovchi, institutda katta ilmiy xodim bo‘lgan 41 yoshli Grigoriy Perelman isbotlabdi. Unga eng alam qiladigani o‘zi ham gipotezaning 99 foizini to‘g‘ri bajargani, yechimgacha atigi bir qadamgina qolgani edi. Agar ozgina, ozginagina vaqt va imkon bo‘lganida edi, orzusiga yetgan bo‘lardi. Ammo hayotning ikir-chikiri tugamadi, mayda-chuydalari oyog‘idan chalishdan charchamadi. Oqibatda, katta maqsadidan ayrildi.