O‘zbekiston | 16:29 / 01.09.2025
5116
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yevroittifoq yangi bitimni 24 oktyabrda imzolashi kutilmoqda

Tomonlarning amaldagi kelishuvi 1996 yilda imzolangan va u hadli xarakterga ega. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa ko‘plab yo‘nalishlar, avvalo savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikning to‘laqonli mexanizmini belgilaydi. Yangi kelishuv bundan 3 yil oldin parafirlangan edi.

Chapdan o‘ngga: Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida. 3 aprel 2025 yil, Samarqand. / Foto: O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 24 oktyabr kuni Bryusselda imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta O‘zbekiston prezidentiga mustaqillik bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida aytib o‘tdi.

“Siz bilan 2025 yil 24 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni intiqlik bilan kutaman, u yerda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi munosabati bilan fikr almashishni davom ettirish imkoniga ega bo‘lamiz”,deyiladi YeK rahbarining tabriknomasida.

O‘zbekiston va YeI o‘rtasida amaldagi bitim 1996 yilda imzolangan va 1999 yilda kuchga kirgan. U asosan siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari surish, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek intellektual mulkni himoya qilish borasidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi. Kelishuv hadli xarakterga ega bo‘lib, uning ko‘plab bandlari muayyan masalalar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar doirasida aniqlik kiritishni taqozo qiladi.

2017 yil iyulida O‘zbekiston tomoni YeIga yangi hamkorlik kelishuvini tuzish taklifini berdi. Muzokaralar 2019 yil fevralida boshlanib, 10 raund davom etdi va 2022 yil iyunida yakunlandi. 2022 yil iyulida bitim parafirlandi.

Yangi kelishuv savdo va unga tegishli masalalar, shu jumladan bojxona ma’murchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish masalalarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, u Jahon savdo tashkilotining asosiy qoidalarini o‘z ichiga olgani natijasida investitsiyaviy sheriklik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasi sezilarli darajada kengaytiriladi.

Shuningdek, KShHT bitimi tashqi siyosat, xavfsizlik, mojarolarning oldini olish va risklarni boshqarish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, boshpana berish va chegaralarni boshqarish, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, terrorizmga qarshi kurash kabi yangi sohalarni ham o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Yevroittifoq bilan KShHT bitimni 2015 yilda imzolagan, bitim 2020 yilda kuchga kirgan. Xuddi shu nomdagi bitim 2024 yilda Qirg‘iziston bilan ham tuzilgan, u kuchga kirishi uchun Qirg‘iziston va YeIga a’zo barcha davlatlar ratifikatsiya qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil aprel oyida Samarqandda birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tgan va unda ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingandi.

Mavzuga oid