O‘zbekiston | 15:39 / 01.09.2025
4590
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida qator tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston ShHTning samaradorligini Global Janub davlatlari hisobiga oshirish lozim deb hisoblaydi. Yadro xavfsizligi bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish, savdoni soddalashtirish bo‘yicha bitim tuzish, Afg‘oniston bilan muloqotni faollashtirish – rasmiy Toshkent ilgari surayotgan takliflar qatoridan joy oldi. ShHTning xavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi yangi markazi Toshkentda joylashadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

1 sentabr kuni Shanhay Hamkorlik Tashkilotining Tianjin sammitida so‘z olgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan:

  • ShHT institutlari samaradorligini oshirish va uni Global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish;
  • yadro xavfsizligi bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish;
  • ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash;
  • 2030 yilgacha giyohvandlikka qarshi kurash dasturini tayyorlash;
  • «ShHT–Afg‘oniston» muloqot guruhi faoliyatini faollashtirish;
  • savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitimni imzolash;
  • strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish;
  • energetika konsorsiumini tuzish;

  • venchur kompaniyalar va jamg‘armalar tarmog‘ini yaratish;
  • maxsus elektron investitsiya portalini tashkil etish;
  • Shimol–Janub va Sharq–G‘arb yo‘nalishlarida transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, «ShHT yagona transport makoni»ni shakllantirish va uni «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish;
  • iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan ShHT mintaqaviy platformasini ishga tushirish;
  • xalq ijodiyoti xalqaro festivalini o‘tkazish, «ShHT universiteti» onlayn kampusini tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov hamda olimpiadalar o‘tkazish;
  • «Sayyohlik yo‘lagi» va "Tibbiyot turizmi alyansi" loyihalarini amalga oshirish.

Sammitda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi asosida Toshkent shahrida doimiy faoliyat yuritadigan organ – ShHTga a’zo davlatlarning xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Uning huzurida ShHT Axborot xavfsizligi markazi ham tuziladi. Ushbu qaror xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Mavzuga oid