O‘zbekiston | 23:24 / 03.09.2025
12471
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi uchrashuvlardan G‘arb tashvishda. O‘zbekistonning qarashlari qanday?

Shanhay Hamkorlik Tashkiloti – Xitoyning ham geosiyosiy, ham iqtisodiy, ham xavfsizlik manfaatlarini o‘zida birlashtirgan eng katta loyihasi. Dunyoning ikkinchi qudratiga aylangan Pekin AQSh boshchiligidagi G‘arbga muqobil o‘z klubini shakllantirishga erishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘nggi kunlarda dunyoning, ayniqsa, G‘arb davlatlarining nigohi Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi. Xitoydagi yoki uning ishtirokidagi har qanday ikki taraflama, mintaqaviy yoki ko‘p taraflama uchrashuvlarni ayniqsa AQSh alohida sinchikovlik va rashk bilan kuzatadi. Sababi oddiy. Sovuq urush tugab, SSSR qulagach, ma’lum muddat dunyoda bir qutblilik hukm surdi. Vashingtonning aytgani aytgan, degani degan bo‘ldi. Bu vaqtda AQShni tiyib turuvchi, so‘roqqa tutuvchi na davlat bo‘lmadi, na xalqaro tashkilot. Biroq bu vaziyat u qadar ko‘p cho‘zilmadi. 2000-yillarga kelib, AQShning global hokimiyati asta-sekinlik bilan, lekin sezilarli darajada qisqarib boshladi.

Ayniqsa, 2008-2009 yillarda yuz bergan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz, Afg‘oniston va Iroqdagi muvaffaqiyatsizliklar fonida AQShning global hokimiyati torayib boshladi. Hozir ham AQSh dunyoning eng katta iqtisodiyoti va harbiy qudrati. Masala shundaki, bugun AQSh tezda zaiflashmayapti, balki boshqa davlatlar tezroq rivojlanmoqda va shuning hisobiga AQShning iqtisodiy va harbiy qudrat ulushi torayib bormoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi – dunyoda ko‘p qutblilikning eng markaziy ijrochi davlati hisoblanadi. Rasmiy Pekin – bugun dunyoning ikkinchi iqtisodiy va harbiy qudrati hisoblanadi. Shu sabab, Pekin ishtirokidagi har qanday xalqaro forum – G‘arbning alohida e’tiborida bo‘ladi. Ayniqsa, AQSh hokimiyatida Tramp bo‘lgan, Vashingtonning yaqin qo‘shnilari, asosiy iqtisodiy hamkorlari va an’anaviy inttifoqchilari bilan munosabatlari chuqur inqiroz ostida bo‘lgan bugungi kunda rasmiy Pekinning har qanday tashabbusi, loyihalari – dunyo tartibotini o‘zgartirish prizmasi orqali qabul qilinadi.

Shanhay Hamkorlik Tashkiloti bugun u yoki bu shaklda 34 davlatni birlashtiradi. 10 davlat to‘laqonli a’zo, yana 14 davlat dialog bo‘yicha hamkorlar, 2 davlat kuzatuvchi maqomida va yana 8 davlat kuzatuvchilik maqomini olish uchun ariza bergan. Jami – 34 davlat. ShHTga a’zo davlatlarning umumiy aholisi 3,5 milliardni, ya’ni dunyo aholisining salkam yarmini tashkil qiladi. ShHTga a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati – dunyo yalpi ichki mahsulotining chorak qismidan ko‘prog‘iga teng.

ShHT – xavfsizlik, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda davlatlar tafakkuri va fikrlashini yo‘naltiruvchi tashkilot hisoblanadi. ShHT – harbiy blok emas, lekin davlatning siyosatini belgilab berishda muhim klub rolini o‘ynamoqda.

Xitoyda bo‘layotgan ShHT sammitida ko‘plab muhim voqealar yuz berdi. Keyingi 7 yilda birinchi marta Hindiston bosh vaziri Narendra Modi XXRga keldi. Bugun AQShning “ittifoqchisi” ko‘riladigan Hindiston bosh vazirining Pekinga kelishi bejiz emas. Hindiston Trampning 50 foizlik bojlaridan qattiq norozi. Modi Trampdan arazlagan. Shu sabab u Si Jinping bilan munosabatlarni normallashtirish harakatida. Lekin baribir XXR va Hindiston o‘rtasidagi strategik raqobat ruhiyati saqlanib qolaveradi.

Bu sammitdagi muhim yangiliklardan biri – Pokistonning Armaniston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga tayyor ekani bo‘ldi. Sobiq ittifoq qulaganiga 34 yil bo‘lyapti, biroq Pokiston haliga qadar Armanistonni tan olmagan edi. Sababi – Ozarboyjonga tegishli Qorabog‘ning Armaniston tomonidan bosib olingani edi. Lekin keyingi yillarda vaziyat keskin o‘zgarmoqda: Qorabog‘ Ozarbayjonga qaytdi, yaqinda Ozarboyjon va Armaniston tinchlik kelishuvi bo‘yicha memorandum imzolashdi. Va Pokiston ham Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilash niyatida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyda biryo‘la to‘rtta tadbirlarda ishtirok etdi. Birinchisi – O‘zbekiston-XXR ikki taraflama muzokaralari. Ikkinchisi – ShHT davlat rahbarlari sammiti. Uchinchisi – ShHT plyus formatidagi kengaytirilgan sammit. To‘rtinchisi esa – Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan harbiy parad.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining chiqishlarida ShHTning tarixiy missiyasi va tashkilot oldida turgan vazifalarga to‘xtaldi, ko‘plab yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Afg‘onistondagi va Falastinning G‘azo sektoridagi o‘ta og‘ir vaziyatga e’tibor qaratdi. Prezident Mirziyoyev ikkinchi jahon urushi haqida so‘z yuritar ekan, bugun yana dunyo davlatlari orasida o‘zaro ishonch va hamkorlikdan ko‘ra, ishonchsizlik va raqobat ruhiyati ustun kelayotganini ta’kidladi.

ShHT bugun dunyoda global o‘zgarishlarni amalga oshirayotgan tashkilot sifatida shakllanib bo‘ldi. Bu tashkilotni Markaziy Osiyosiz tasavvur qilish qiyin, Markaziy Osiyoning geografik, tarixiy va geosiyosiy eng markaziy davlati – O‘zbekiston hisoblanadi. O‘zbekiston bugun ko‘p vektorli va teng vektorli siyosat yuritar ekan, mintaqaviy va global xavfsizlik va taraqqiyot bobida ShHTning rivojlanish vektorini belgilashda salmoqli rol o‘ynayotgan davlatdir.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid