Jahon | 22:17 / 03.09.2025
3267
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi sudi Alisher Usmonovdan sanksiyalarni olib tashlamadi

Rossiyalik tadbirkor, milliarder Alisher Usmonovga qarshi joriy qilingan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari asosli deb topildi.

Foto: TASS

Yevropa Ittifoqi sudi USM asoschisi Alisher Usmonovning sanksiyalarni bekor qilish haqidagi da’vosini yana bir bor rad etib, ularni asosli deb topdi. Usmonovning da’volari, jumladan, huquqlarning buzilishi va dalillarning yo‘qligi sud tomonidan asossiz deb topildi. Qaror Yevropa Ittifoqi sudlari bazasida e’lon qilindi.

Oxirgi marta sud Usmonovning da’vosini 2024 yil fevral oyida rad etgan. Shunda Usmonov tomoni sudda dalil sifatida sanksiyalarni joriy etish sabablari yetarli emasligini, ular uchun asoslar juda noaniq ekanini va uni ro‘yxatga kiritishning aniq sabablarini aniqlashga imkon bermasligini ta’kidlagan. Xususan, YeI kengashi Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishda Forbes maqolasidan iqtibos keltirgan.

Usmonov bu safar ham sanksiyalarga qarshi oltita dalilni ilgari surdi, jumladan, yetarli dalillar yo‘qligi, samarali sud himoyasi uchun sabablar va huquqlarni bayon qilish majburiyati, teng munosabat va kamsitmaslik, mutanosiblik tamoyillari, shuningdek, mulk huquqi, shaxsiy hayot va so‘z erkinligini hurmat qilish huquqlari buzilgan.

Sud da’vogarning dalillariga e’tiroz bildirdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi kengashi Usmonovning «Kommersant» gazetasi egasi sifatida fikr bildirish erkinligi buzilganligi haqidagi da’voni uning «samarasizligi» tufayli rad etdi, shuningdek, Rossiya hukumati va yetakchi ishbilarmonlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik munosabatlari mavjudligini isbotlovchi dalillarni taqdim etishga majbur emasligini bildirdi.

Usmonovning YeI Kengashi ikkilamchi ma’lumotlarga tayangani haqidagi shikoyatini ham sud rad etib, birlamchi hujjatlar har doim ham Kengash uchun ochiq emasligini eslatdi.

«Yuqoridagilarning barchasidan da’vo rad etilishi kerakligi kelib chiqadi», deb xulosa qildi YeI sudi.

Forbes Usmonovning boyligini 16,5 mlrd dollarga baholamoqda. Yevropa Ittifoqi unga qarshi sanksiyalarni 2022 yil 28 fevralda kiritgan, shu yilning 3 martida AQSh va Britaniya, 11 martda Kanada tadbirkorga qarshi cheklovlar e’lon qilgan. Aprel oyida Hamburg portida Usmonovga aloqador deb hisoblangan 156 metrlik Dilbar yaxtasi qo‘lga olingani haqida xabar paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng, biznesmen advokatlarning ta’kidlashicha, Germaniyada ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish haqidagi yolg‘on da’vosi tufayli soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ayblovi bo‘yicha tergov obektiga aylandi.

Usmonovning huquqshunoslari sudlarda bu da’volarni rad etishni talab qila boshladilar. Bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari va jamoat arboblari noqonuniy ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatish bo‘yicha yozma majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘ldilar. Xususan, Usmonov Amerikaning Forbes jurnali, Germaniyaning Tagesspiegel gazetasi, Avstriyaning Kurier gazetasi ustidan sudda g‘alaba qozondi. 2025 yil may oyida Hamburg sudi Mediahuis Luxembourg S.A. media-xoldingi nashrlariga tadbirkor Alisher Usmonovni Dilbar superyaxtasining egasi deb atashni taqiqladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid