Jahon | 12:35 / 04.09.2025
2323
2 daqiqa o‘qiladi

Sud: AQSh hukumati Harvardni moliyalashtirishni noqonuniy ravishda muzlatgan

Sud Tramp ma’muriyatining Harvard universitetiga 2 milliard dollar grant ajratilishini bloklash qarorini noqonuniy deb topdi. Sudya antisemitizm bilan hech qanday aloqani ko‘rmadi. Oq uy qaror ustidan shikoyat qilishga va’da berdi.

Foto: Joseph Williams / Flickr / wikipedia.org

Massachusets shtatining Boston shahridagi federal okrug sudi AQSh ma’muriyatining Harvard universitetiga ajratilgan 2,2 milliard dollardan ortiq (deyarli 1,9 milliard yevro) grantni muzlatish haqidagi qarorini noqonuniy deb topdi. Donald Tramp ma’muriyati moliyalashtirishning bloklanishini Harvard o‘z devorlari ichida antisemitizmga qarshi samarali kurashmayotgani bilan izohladi.

Sobiq prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan sudya Ellison Berrouz federal moliyadan mahrum bo‘lgan Harvard ilmiy loyihalari antisemitizm bilan bog‘liq emas, degan qarorga keldi. Berrouzning aytishicha, Tramp «antisemitizmdan mamlakatning yetakchi universitetlariga maqsadli, mafkuraviy hujum uchun tutun pardasi sifatida foydalangan». Shu bilan birga, sudya nufuzli maktab so‘nggi yillarda antisemitizmdan aziyat chekkanini va muammoni hal qilishda yaxshiroq ish qila olishini tan oldi.

Sud qarori Harvard universitetiga 14 apreldan beri muzlatilgan yoki qisqartirilgan barcha federal moliyalashtirishni tiklaydi va AQSh hukumatiga kelajakda universitetning konstitutsiyaviy huquqlari yoki federal qonunchiligini buzadigan qisqartirishlar qilishni taqiqlaydi.

Mavzuga oid