O‘zbekiston | 11:35 / 06.09.2025
44396
14 daqiqa o‘qiladi

Karimov va Rahmon o‘rtasida sovuqchilik. Buning sabablari nima edi?

Qariyb 20 yil davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda chuqur ziddiyat hukm surdi. Ikki davlat chegaralari minalashtirilgan, suv zaxiralaridan foydalanish bo‘yicha dahanaki tortishuvlar odatiy holga aylangandi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangandi. Xo‘sh, uzoq vaqt davom etgan o‘zbek va tojik tomonlari o‘rtasidagi ixtilofga sabab nima bo‘lgandi?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2025 yil 12 fevral kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi. Albatta, bu oxirgi yillarda olib borilgan yaxshi qo‘shnichilik diplomatiyasining katta yutug‘idir. Chunki bir necha o‘n yillar Dushanbe va rasmiy Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarda chuqur ziddiyat hukm surgandi. Ikki davlat chegaralari minalashtirilgan, suv zaxiralaridan foydalanish bo‘yicha dahanaki tortishuvlar odatiy holga aylangandi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangandi. Xo‘sh, uzoq vaqt davom etgan o‘zbek va tojik tomonlari o‘rtasidagi ixtilofga sabab nima edi?

Imomali Rahmon hokimiyatga kelishi

O‘tgan asrning 90-yillari boshida qo‘shni Tojikiston ayanchli fuqarolar urushi girdobiga tushib qoladi. Tog‘li Qorabog‘dan ko‘chirilgan armanlarga Dushanbeda yangi uy-joylar topshirilishi fonida norozilik boshlanib ketadi. Bu davrda mamlakatda non taqchilligi, shuningdek, shahar transporti to‘xtab qolgani Dushanbe va boshqa shaharlarda isyonkor kayfiyatni kuchaytirib yuborgandi. Shu tariqa, ayrim manbalarda 60 ming, ayrimlarida esa 80 ming inson hayotiga zomin bo‘lgani aytiladigan ichki etnik urush boshlanib ketadi.

Foto: Sergey Jukov/TASS

O‘zbekiston hukumati qo‘shni respublikada davom etayotgan fuqarolar urushida Imomali Rahmon boshchiligidagi xalq frontini qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki konstitutsiyaviy tartib himoya qilinmasa, Tojikistondagi radikallashgan guruhlar faoliyati O‘zbekistonga ham yoyilishi borasida xavotirlar bor edi. Yakunda rasmiy Toshkent va Moskvaning yordami hamda aralashuvi bilan mamlakatda Imomali Rahmon boshchiligidagi hukumat tuziladi va 5 yil davom etgan urush tugaydi.

1998 yil yanvar oyida qilgan chiqishlaridan birida Tojikiston prezidenti ocharchilik davrida O‘zbekiston tomonidan katta miqdorda insonparvarlik yordami berilganini aytib o‘tgandi.

“Islom Abdug‘aniyevich va butun o‘zbek xalqi har kuni tojikistonliklar uchun Termizdan Ko‘lobga 17 vertolyotda un jo‘natardi. Yaxshi eslayman, bolalar uchib o‘tayotgan vertolyotlarni sanardi: agar bugun 17 ta vertolyot qo‘nsa, demak non zavodi ishlaydi va ular ochlikdan o‘lmaydi”, degandi Imomali Rahmon.

Mahmud Xudoyberdiyev isyoni

1998 yilda Tojikistonning Leninobod viloyatida mamlakat mudofaa vazirligi brigadasi sobiq qo‘mondoni Mahmud Xudoyberdiyev boshchiligidagi harbiylar isyon ko‘taradi. Polkovnik fuqarolar urushi paytida dala qo‘mondoni sifatida nom chiqargan, mahalliy aholi orasida obro‘yi baland edi. U boshchilik qilgan harbiy bo‘linma to‘g‘ridan to‘g‘ri prezident Rahmonga bo‘ysunar va qurolli islomiy muxolifatga qarshi kurashda asosiy kuchlardan biri bo‘lgan. Ammo Xudoyberdiyev 1997 yildagi Tojikistonda hukumat va muxolifat o‘rtasida imzolangan tinchlik bitimini tan olmasligini e’lon qiladi.

Mahmud Xudoyberdiyev

Ko‘p o‘tmay markaziy hukumatga qarshi isyon ko‘targan polkovnik o‘z tarafdorlari bilan mamlakatdan siqib chiqariladi. 1998 yil noyabrida esa Mahmud Xudoyberdiyev boshchiligidagi qurolli guruh Tojikistonning Xo‘jand viloyatidagi ba’zi ma’muriy binolar va Chkalovsk aeroportini ishg‘ol qiladi. Ko‘p o‘tmay bu isyon hukumat qo‘shinlari tomonidan bostirilib, sobiq harbiylar mamlakat chegarasidan tashqariga siqib chiqariladi.

Rahmon va uning atrofidagilarda Mahmud Xudoyberdiyev g‘alayonida O‘zbekiston ishtiroki borligi haqida shubhalar paydo bo‘la boshlaydi. 2000 yilda O‘zbekiston prezidentining Dushanbega rasmiy tashrifi chog‘ida, jurnalistlar bu borada Islom Karimovga savol beradi. O‘zbekiston rahbari bu iddaolarni qat’iyan rad etib, o‘zbeklar va tojiklarni ikki tilda gaplashadigan bir xalq deb ataydi.

Xudoyberdiyev qochib ketganidan so‘ng Tojikiston rasmiylari juda ko‘p marta O‘zbekiston rahbariyatiga polkovnikni ekstraditsiya qilish iltimosi bilan murojaat qilishadi. Rasmiy Toshkent esa 2001 yilning noyabr oyida Xudoyberdiyev safdoshlaridan biri bilan bo‘lgan otishmada halok bo‘ldi, deya javob qaytargan.

Keyinchalik Tojikiston maxsus xizmatlari polkovnikning aniq manzilini bilishlarini aytib, bu ma’lumotni rad etadi. Shu tariqa Karimov va Rahmon munosabatlaridagi chuqur ziddiyatning poydevori paydo bo‘ladi.

Suv urushi va Rog‘un GES

Markaziy Osiyo okean va dengizlardan olisda joylashgan, qurg‘oqchil hudud bo‘lgani sabab bu yerda suv manbalari strategik ahamiyat kasb etadi. Mintaqa davlatlari suv resurslari nuqtayi nazaridan ikkiga ajratiladi. Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi davlatlar “quyi oqim”, Tojikiston va Qirg‘iziston esa “yuqori oqim” mamlakatlar sifatida ko‘riladi.

Ta’minot jihatdan birinchi guruhdagi mamlakatlar ikkinchi guruhdagi mamlakatlarga bog‘langan. Xususan, O‘zbekistonda foydalanilayotgan jami suv resurslarining 20 foizi mamlakat ichkarisida, 80 foizi esa qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston hududida shakllanadi. Nisbatan kambag‘al hisoblanadigan “yuqori oqim”dagi ushbu ikki davlat GES va suv omborlari qurish orqali ko‘proq elektr energiya ishlab chiqarish va uni eksport qilishdan manfaatdor, bu esa mintaqadagi boshqa mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Ushbu jihat ko‘p yillar davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ziddiyat va kelishmovchilikning asosiy ildizi bo‘lib keldi. SSSR parchalanganidan keyin 1997 yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida energiya tizimlarining parallel ishlashi to‘g‘risida shartnoma imzolangandi. Tizim elektr energiyaga mavsumiy talab va suvga ehtiyojlar o‘zgarishlarini muvozanatlashtirishga imkon bergan. Tojikiston va Qirg‘iziston qishki vaqtda o‘zidagi suv omborlarida suv yig‘ib, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondan elektr energiya va energiya zaxiralari (ko‘mir va tabiiy gaz) olgan. Yozgi vaqtda Tojikiston va Qirg‘iziston yig‘ilgan suvni O‘zbekiston va Qozog‘istonga yerlarni sug‘orish uchun yo‘naltirgan. Ammo kelishuv 2002 yilda Qirg‘iziston elektr energiya narxini oshirishi, 2003 yilda Turkmaniston elektrga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qondirishga qaror qilishi natijasida buziladi. Ushbu holatda Tojikiston tomoni moliyaviy jihatdan imkoniyati yo‘q bo‘lsa-da, Vaxsh daryosi bo‘yida Rog‘un GES qurilishi ishlarini qayta ishga tushirishini e’lon qiladi. 2004 yilda Rahmon hukumati Rossiyaning “Rusal” kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi. Rasmiy Moskva loyihani moliyalashtirishni o‘z zimmasiga oladi.

Mazkur holat O‘zbekiston tomonining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Rasmiy Toshkent Rog‘un suv ombori transchegaraviy daryolardagi suv oqimini cheklab qo‘yishi va bu qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir bildira boshlaydi. Shuningdek, zilzila yuz beradigan bo‘lsa, GES to‘g‘oni buzilish xavfi mavjudligi kun tartibiga olib chiqiladi. O‘zbekiston hukumati GES qurilishi xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazishni so‘rab BMTga murojaat ham qiladi.

2005 yildagi Andijon voqealaridan keyin rasmiy Toshkent va Moskva o‘zaro yaqinlashadi. Ikki tomonlama munosabatlarning yaxshilanishi fonida Rossiya tomoni Rog‘un GES moliyalashtirilishini paysalga sola boshlaydi. Natijada 2007 yil sentabr oyida Tojikiston “Rusal” bilan hamkorlikni to‘xtatadi. Bunga rasmiy sabab sifatida loyihaning nazorat paketi bo‘yicha kelishmovchilik keltirib o‘tilgan. Rasmiy Dushanbe esa boshqa moliyalashtirish manbayini topish va ishlarni davom ettirish harakatidan to‘xtamaydi.

2009 yil oxiridan boshlab O‘zbekiston Tojikistonga yuklarni, jumladan, Rog‘un GES qurilishi uchun mo‘ljallangan qurilish materiallari yuklangan poyezdlarni o‘tkazishni kechiktira boshlaydi. 2009-2010 yillarda Tojikiston uchun temiryo‘l tranzitining bir necha oylik blokadasi yuz berdi. 2011 yilda O‘zbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish keskin qisqartiriladi va 2013 yildan butunlay to‘xtatilgan.

2012 yildagi chiqishlaridan birida Islom Karimov mintaqadagi ba’zi davlatlar deya Tojikistonga ishora qiladi va suv resurslarini to‘sishda davom etsa, bu urush keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Rog‘un GES. Foto: Asia-Plus

Rog‘un GES haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, uning qurilishi 1976 yilda boshlangan, ammo SSSR parchalangach, ish to‘xtab qolgan. 2000-yillar boshida loyihani davom ettirish bo‘yicha jiddiy urinishlar bo‘lsa-da, buning uddasidan chiqilmadi. Faqatgina 2016 yil, Karimov vafotidan keyin ishlar oldinga siljiy boshlagan. Xususan, gidroelektr stansiyaning birinchi bloki 2018 yilning noyabr oyida, ikkinchisi esa 2019 yil iyun oyida ishga tushirildi. Oltita blokdan iborat loyihani to‘liq yakunlash eng yaxshi holatda 2029 yilga boribgina yakunlanishi mumkin. Balandligi 335 metr bo‘lgan inshoot dunyodagi eng baland to‘g‘on hisoblanib, Rog‘un GESdagi 6 ta agregat ishga tushirilishi 13-17 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini berishi mumkin.

Chegaralar minalashtirilishi

Mustaqillikdan keyingi yillarda mintaqadagi eng og‘riqli muammolardan biri – davlatlararo bahsli chegara masalasi bo‘lgan. Jumladan, yuzlab yillar davomida o‘zbeklar ham, tojiklar ham chegara hududlarda birga yashab kelishgan. Ularning ko‘pchiligi nafaqat qo‘shni, balki qarindoshlik aloqalari bilan ham bog‘langan. Chegaraning katta qismi na delimitatsiya, na demarkatsiya qilingan edi.

1999 yilda tojik-o‘zbek chegarasi O‘zbekiston hukumati qarori bilan bir tomonlama tartibda, rasmiy versiyaga ko‘ra, terrorchilik guruhlari kirib kelishining oldini olish maqsadida minalashtiriladi.

Foto: Sputnik

O‘zbekistonning geografik joylashuvi mamlakat hududi orqali Tojikistonga olib boruvchi temiryo‘l va avtomobil yo‘llarini mutlaq nazorat qilish imkonini beradi. Ikki tomonlama munosabatlar keskinlashgan paytda temiryo‘l yuklarini O‘zbekiston chegarasida ushlab qolish holatlari ko‘p kuzatilgan. O‘zbekiston hukumati esa Qamchiq dovoni orqali Toshkent va Namangan shaharlarini bog‘laydigan yangi temiryo‘l qurish rejasi ustida jiddiy ishlay boshlaydi. Bu loyiha sovetlar davridan qolgan Tojikiston shimolini kesib o‘tgan eski temiryo‘l o‘rnini egallardi va rasmiy Dushanbega bog‘liqlikni yo‘qotardi.

Ikki tomonlama munosabatlar keskinlashishi fonida 2001 yildan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimi joriy etildi (bu tartib 2018 yildagina bekor qilindi). 2012 yildan boshlab esa ta’mirlash ishlari bahonasida Tojikiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlaridan 9 tasi yopiladi. Faqat 2017 yilga kelibgina ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklanadi, 2019 yildan esa chegaradagi barcha 17 ta nazorat-o‘tkazish punktlari ishlay boshladi.

Chegaradagi muammolar iqtisodiy munosabatlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2007 yildagi 300 million dollardan 2014 yilda 2,1 million dollargacha qisqargan.

Karimov va Rahmonning shaxsiy munosabatlari

Islom Karimov va Imomali Rahmon o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar yomon bo‘lib, ular juda ko‘p fundamental masalalarda o‘zaro kelisha olishmagan. Masalan, Tojikiston rahbari 1998 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan 20 yillik davrda biror marta O‘zbekistonga rasmiy davlat tashrifi bilan kelmagan

Fransiyaning Le Point jurnali 2005 yilda Qozog‘istonda Karimov va Rahmon o‘rtasidagi mushtlashish darajasigacha borgan jiddiy ixtilof bo‘lgani, ularni Qozog‘istonning o‘sha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev ajratib qolgani haqida yozgandi. Ammo bu ma’lumotni boshqa manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q.

2014 yilga kelib o‘zaro munosabatlardagi keskinlik biroz pasayadi. O‘sha yilning sentabr oyida Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi. Davlat rahbarlari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkaziladi.

Foto: Mixail Klimentev/ RIA Novosti

2016 yilning iyul oyida Toshkentdagi ShHT sammiti doirasida Karimov va Rahmon yana o‘zaro muzokaralar o‘tkazadi. Bu ularning oxirgi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘lib qoldi. O‘sha yil sentabrida O‘zbekiston birinchi ma’muriyatining rahbari vafot etadi. Tojikiston prezidenti ham O‘zbekistonga tashrif buyurib, Karimovning dafn marosimida qatnashadi.

Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid