Jahon | 20:27 / 09.09.2025
20058
12 daqiqa o‘qiladi

Isroil Qatarda Hamas rahbariyatiga zarba berdi. Asosiy ma’lumotlar

Isroil Qatar poytaxti Dohaga bir necha bor zarba berdi. Zarbalar nishoni Hamas rahbariyati vakillari bo‘lgan. Qatar buni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi. Bu Isroilning Qatar hududiga ilk bor zarba berishi bo‘ldi.

Ibraheem Abu Mustafa/Reuters

Falastinliklar guruhi besh nafar a’zosi, jumladan, Hamasning G‘azo sektoridagi rahbari Xalil al-Hayyaning o‘g‘li halok bo‘lganini, ammo rahbariyat a’zolari omon qolganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Hamas yetakchilarining o‘zi hozircha bayonot berishmadi.

Qatar AQShning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchisi hisoblanadi. Shu bilan birga, u 10 yildan ortiq vaqt davomida Hamasning siyosiy rahbariyatiga boshpana berib kelmoqda va Vashington bilan birgalikda G‘azodagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga urinishda vositachilik rolini bajarmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Nimalar bo‘ldi?

Seshanba kuni Qatar poytaxti Dohada bir nechta portlash ovozlari eshitildi va shahar uzra qora tutun ko‘tarildi.

Isroil mudofaa kuchlari 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujumlar uchun bevosita javobgar bo‘lgan Hamas rahbariyatiga zarba berganini ma’lum qildi. Amaliyot Isroil xavfsizlik va kontrrazvedka xizmati (ShABAK) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

«Zarba berishdan oldin tinch aholi orasida zararni minimallashtirish, jumladan, yuqori aniqlikdagi qurollar va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlaridan foydalanish choralari ko‘rildi», – deyiladi bayonotda.

Keyinroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Dohaga zarba berilganini tasdiqlab, uni Isroilning «mustaqil operatsiyasi» deb atadi.

«Hamas terrorchilik tashkiloti yetakchilariga qarshi bugungi harakatlar Isroilning to‘liq mustaqil operatsiyasi edi. Uni Isroil boshladi, Isroil amalga oshirdi va Isroil to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi», – deydi Netanyahu.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarba haqida Qatar hukumati va AQShni xabardor qilgan. Isroilning 12-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp operatsiyani o‘tkazish uchun «yashil chiroq» yoqqan. Qatar TIV vakili esa mamlakat oldindan ogohlantirilmaganini aytdi.

Hamasdagi yuqori martabali manbaning Al Jazeera telekanaliga ma’lum qilishicha, harakat yetakchilari Dohada AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish taklifi muhokama qilishga yig‘ilganida hujumga uchragan.

Ikki kun oldin Tramp guruhga «so‘nggi ogohlantirish» bergandi.

«Men Hamasni [kelishuvdan] voz kechish oqibatlari haqida ogohlantirdim, – deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida. – Bu mening oxirgi ogohlantirishim, boshqacha bo‘lmaydi!»

Isroil operatsiyasining nishoni kim edi?

Hamas yetakchilarining taqdiri hozircha noma’lum.

Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, o‘ldirilganlar orasida harakatning xorijiy qanoti rahbari Xolid Mashaal ham bor. Isroil uni o‘ldirishga 1997 yilda ham harakat qilgan, ammo Iordaniyadagi amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.

Times of Israel arab nashrlariga tayanib yozishicha, zarba berilgan shtab-kvartirada Hamasning G‘azodagi yetakchisi, tashkilotning bosh muzokarachisi va G‘azo sektorida sulh bo‘yicha muzokaralar ishtirokchisi Xalil al-Hayya ham bo‘lgan. Shu bilan birga, Reuters’ning Hamasdagi ikki manbasi muzokara guruhi a’zolari omon qolganini da’vo qilmoqda.

Bundan tashqari, shtab-kvartirada tashkilotning G‘arbiy sohildagi rahbari Zohir Jabarin va Hamas Sho‘ro (kengashi) rahbari Muhammad Darvesh ham bor edi.

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Suhayl al-Hindiyning Al Jazeera telekanaliga ma’lum qilishicha, Xalil al-Hayya tirik qolgan, biroq uning o‘g‘li Humam, shuningdek, eng yaqin yordamchilaridan biri va ehtimol uch nafar tansoqchisi halok bo‘lgan. U Isroil zarbasi nishoni bo‘lgan Hamas yetakchilari sog‘-salomat ekanini bir necha bor takrorlagan.

Tramp bunga uning aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi posti orqali Dohada Hamas rahbariyatiga zarba berish qarori Isroil tomonidan mustaqil ravishda qabul qilingani, u bu haqda amerikalik harbiylardan xabar topganini aytdi.

«[Bu qarorni] bosh vazir Netanyahu qabul qilgan, bu mening qarorim emasdi», – deb yozgan Tramp.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, zarba berishga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan voqif bo‘lgach, u o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoffga darhol qatarliklarga xabar berishni buyurgan – «lekin zarbani to‘xtatishga juda kech bo‘lgan».

«Qo‘shma Shtatlarning suveren davlati va yaqin ittifoqchisi bo‘lgan, tinchlik muzokaralarida vositachilik qilib, juda faol ishlaydigan va ko‘p tavakkalchilik qiladigan Qatar hududiga bir tomonlama zarba berish na Isroil, na Amerika maqsadlariga erishishga xizmat qiladi», – dedi Tramp.

«Shu bilan birga, G‘azoda yashovchilarning azob-uqubatlaridan foyda olayotgan Hamasni yo‘q qilish – bu munosib maqsaddir», – deya davom etdi prezident.

Trampning yozishicha, u Qatar amiri va bosh vaziri bilan bog‘lanib, ularga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va ularning hududida bunday holat boshqa takrorlanmasligiga ishontirgan.

Musulmon davlatlari zarbani qoralaydi, AQSh ittifoqchisini yo‘qotish xavfi ostida

Qatar Tashqi ishlar vazirligi Isroil hujumini qoraladi.

«Qatar davlati Isroilning Qatar poytaxti – Dohadagi Hamas siyosiy byurosining bir necha a’zosi bo‘lgan turar joy binolariga uyushtirilgan qo‘rqoqona hujumini keskin qoralaydi», – dedi Qatar TIV rasmiy vakili Majid al-Ansoriy.

Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi va amaldagi hukmdori Muhammad ibn Salmon Qatar amiri Muhammad ibn Soniyga qo‘ng‘iroq qilib, «qardosh Qatar davlatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirdi. U Isroilning zarbasini «dahshatli» jinoiy harakat va xalqaro qonunlar va me’yorlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Saudiya Arabistoni Qatarni qo‘llab-quvvatlash uchun «barcha resurslari»ni va «o‘z xavfsizligi va suverenitetini himoya qilish uchun ko‘rayotgan barcha choralari»ni ishga solishga va’da bergan.

Falastin ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Husayn al-Shayx Isroilning zarbasini «mintaqadagi barqarorlikka tahdid solish» va «Qatar xalqaro huquqi va suverenitetining jiddiy buzilishi» deb atadi.

Turkiya TIV Isroilning xatti-harakatlari tinchlikka erishishdan manfaatdor emasligini va urushni davom ettirish niyatini ko‘rsatishini ta’kidladi.

«Ushbu holat Isroil bosqinchilik siyosati va terrorizmni davlat strategiyasining bir qismiga aylantirganining yaqqol dalilidir», – deyiladi vazirlik bayonotida.

Kuvayt TIV hujum «barcha xalqaro qonunlar va me’yorlar»ni buzayotganini ma’lum qildi va «Xavfsizlik kengashini yana bir bor xalqaro xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga chaqirishi»ni qo‘shimcha qildi.

Iordaniya Isroilning tajovuzkorligini «Qatar xalqi xavfsizligiga jiddiy tahdid» deb hisoblashini aytdi. «Biz Qatardagi birodarlarimiz tomonidamiz va ularni ushbu tajovuzga qarshi har qanday harakatlarda to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», – deyiladi bayonotda.

Iroq Tashqi ishlar vazirligi ham zarbani qoralab, uni «qo‘rqoqlik harakati» deb atadi hamda har qanday tajovuzga qarshi turishda Qatarni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirdi.

Maldiv orollari prezidenti Muhammad Muizzu Isroilning «qo‘rqoqlarcha» hujumini keskin qoralab, uni «xalqaro huquqning jiddiy buzilishi hamda mustaqil davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga ochiqdan-ochiq tajovuz» deb baholagan.

Guvohlar shahar uzra tutun ko‘tarilgani haqida xabar qilishgan. Foto: Ibraheem Abu Mustafa/Reuters

Shuningdek, Isroilning harakatlari O‘mon, Livan, Jazoir, Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi davlatlar tomonidan qoralandi.

«O‘zbekiston Respublikasi Isroilning Doha shahridagi turar joy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralaydi va buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholaydi. Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi.

O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekanini bildiradi», – deyiladi O‘zbekiston TIV bayonotida.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Isroilning zarbalarini qoraladi.

«Biz hozirgina Isroilning Qatardagi hujumlari haqida xabar topdik – bu mamlakat o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilishda juda ijobiy rol o‘ynaydi. Men Qatar suvereniteti va hududiy yaxlitligining bu qadar qo‘pol ravishda buzilishini qoralayman», – dedi Guterrish OAV uchun o‘tkazilgan brifingda.

Yevropa yetakchilaridan Fransiya prezidenti Isroil hujumi haqida gapirdi.

«Isroilning Qatarga bugungi zarbalariga, ularning sabablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Qatar va uning amiri shayx Tamim Ol Soniy bilan birdamligimni bildiraman. Urush har qanday holatda ham mintaqaga tarqalmasligi kerak», – deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Papa Lev ham vaziyatdan xavotir bildirdi.

«Juda jiddiy xabarlar keldi: Isroil Qatarda Hamas yetakchilariga hujum qildi. Butun vaziyat o‘ta xavotirli», – dedi pontifik.

Ibraheem Abu Mustafa/Reuters

Dohadagi muzokaralar istiqbollari

BBC muxbiri Frank Gardner ta’kidlaganidek, bu kelajakdagi tinchlik muzokaralari va diplomatik tashabbuslar uchun xavotirli pretsedentdir: «Hozir bir nechta asosiy savollarga javob olish kerak. AQSh bu hujum haqida oldindan bilarmidi? Agar bilsangiz, bu Qatar suveren hududiga hujum bo‘lganini hisobga olsak, bu Amerikaning Al-Udeydadagi eng yirik aviabazasi faoliyatiga qanday ta’sir qiladi? Bu AQShning Fors ko‘rfazidagi barcha arab ittifoqchilari bilan munosabatlariga qanday ta’sir qiladi? Agar 2021 yilgacha AQSh va Tolibon o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan Qatar ham endi xavfsiz joy bo‘lmasa, unda u qayerda?»

Keyinroq Oq uy vakili BBC’ga Isroil AQShni tayyorlanayotgan zarba haqida ogohlantirganini tasdiqladi.

Qizil bilan belgilanganlarning o‘limi tasdiqlangan, sariqda belgilanganlarning taqdiri noma’lum

Zarbalar Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari xorijdagi Hamas yetakchilariga zarba berishni va’da qilganidan ikki hafta o‘tmay yo‘llangan.

«Hamas rahbariyati a’zolarining ko‘pchiligi tashqarida va biz ularga yetib boramiz», – degandi general-leytenant Eyal Zamir 31 avgust kuni.

Mavzuga oid