O‘zbekiston | 14:19 / 09.09.2025
1985
3 daqiqa o‘qiladi

Korporativ munosabatlarni yuritish takomillashtirildi

Prezident qarori bilan korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Foto: Shutterstock

Xususan, hujjat bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kirish yoki tarkibidan chiqarish faktining kuchga kirish mexanizmi soddalashtirildi.

Quyidagi holatlarda jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritish yoki tarkibidan chiqarish tegishli harakat (yoki harakatsizlik) amaliy amalga oshirilgan paytdan boshlab sodir bo‘lgan hisoblanadi:

  • ishtirokchilar tarkibidan majburiy chiqarish yoki tarkibiga majburiy kiritish, shu jumladan, jamiyatdagi ulush ishtirokchi va uchinchi shaxs o‘rtasida umumiy mulk deb tan olingan va uning tegishli qismiga mulk huquqi belgilangan holatlarda – sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan;
  • ishtirokchining huquqiy vorisi yoki merosxo‘rlarini jamiyatga ishtirokchilar sifatida kiritishda – notarius tasdiqlagan meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki jamiyatni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) munosabati bilan huquqiy vorislikni o‘tkazishni nazarda tutuvchi topshirish dalolatnomasi jamiyatga taqdim etilgan vaqtdan (jamiyat ustavidagi ulushning yoki ulush qismining) merosxo‘rlar yoki huquqiy vorislarga o‘tishi uchun jamiyat ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan hollardan tashqari;
  • jamiyat ulushini E-auksion elektron savdo platformasi va/yoki qonunchilikka muvofiq boshqa usullar orqali sotishda – savdo natijalari rasmiylashtirilib, ulush qiymati to‘liq to‘langan kundan (agar oldi-sotdi shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa);
  • jamiyat ulushini (ulush qismini) sotish va jamiyat ulushini (ulush qismini) sotishdan boshqacha tarzda uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish notarial shaklda amalga oshirilganda – bu faktni tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan kundan.

Jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritish yoki tarkibidan chiqarish holatlarida jamiyat 30 kun ichida boshqa ishtirokchilarni bu haqda xabardor qiladi va Tadbirkorlik sub’yektlarining yagona davlat reyestrida jamiyat ishtirokchilari tarkibidagi o‘zgartirishlarni davlat qayta ro‘yxatidan o‘tkazish choralarini ko‘radi, ya’ni jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarorini qabul qilish talab etilmaydi.

Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn formatda doimiy kiritish tizimi joriy etiladi:

  • yuridik shaxs ta’sischilari (ishtirokchilari) ta’sischi sifatida ishtirok etayotgan korxonalar ro‘yxati;
  • ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ta’sischilar (ishtirokchilar) ulushlarining hajmi (foizda);
  • ushbu ulushlarning shakllanishi yoki shakllanmaganligi.

Bunda ko‘rsatilgan ma’lumotlar xo‘jalik jamiyatlarida ishtirok etuvchi har bir ta’sischi (ishtirokchi) tomonidan tanishish uchun ochiq hisoblanadi. Bundan tashqari, yuridik shaxs ta’sischilari (ishtirokchilari)ga o‘zlariga tegishli ulushni begonalashtirishga taqiq qo‘yish huquqi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid